Bosh prokuratura ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan Toshkent viloyatida 15 yoshli qiz otasidan homilador bo‘lib qolgani aytilgan video bo‘yicha rasmiy ma’lumot berdi.

Ijtimoiy tarmoqlarda voyaga yetmagan qiz otasi uni muntazam zo‘rlab kelgani aytilgan video tarqaldi. Hozirda 9-sinf o‘quvchisi bo‘lgan qizning so‘zlariga ko‘ra, otasi uni 13 yoshidan buyon zo‘rlab kelgan. Jabrlanuvchining onasi aytishicha, turmush o‘rtog‘i ishsiz bo‘lib, uyda o‘tiradi. Oilani ayolning bir o‘zi boqadi.

Bosh prokuratura mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining tegishli moddasi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qildi.  Ta’kidlanishicha, jinoyat ishi doirasida gumondor shaxs protsessual tartibda ushlangan. Tergov harakatlari olib borilmoqda.

“Mazkur ish bo‘yicha haqiqatni aniqlashga to‘sqinlik qilish holatlarining oldini olish maqsadida fuqarolarning sha’ni va qadr-qimmatini kamsitadigan ma’lumotlar va boshqa tafsilotlar oshkor qilinmaydi”, — deyiladi xabarda.

Avvalroq Farg‘ona viloyati Beshariq tumanida 14 yoshli qiz homilador bo‘lib qolgani, Xo‘jaobod tumanida yashovchi voyaga yetmagan qiz otasi tomonidan zo‘rlab kelinayotgani to‘g‘risida xabar berilgandi.