Termiz shahrida 2021-yil 27-sentabr kuni Surxondaryo va Balx viloyatlari hokimlari boshchiligida O‘zbekiston va Afg‘oniston chegaraoldi hududlari boshqaruv idoralari vakillaridan iborat ishchi guruhlarining yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbir afg‘on tomonining iltimosiga binoan Afg‘onistonga import mollarini tranzit tashuvi bilan bog‘liq masalalarni hal etish maqsadida tashkil etildi. Muloqot dastavval eng zarur xalq iste’mol tovarlari – oziq-ovqatlar, dori-darmon, tibbiy anjomlar, kiyim-kechak va yonilg‘i xususida bordi.

Uchrashuvda muhokama etilgan masalalar, jumladan, Afg‘onistonda yuzaga kelgan og‘ir gumanitar vaziyat davrida mamlakatga yuklarni yetkazib berish va tranzit o‘tkazishda mavjud muammolarni hal etishga qaratilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish bo‘yicha kelishuvga erishildi.

Yig‘ilish so‘nggida tomonlar eng dolzarb chegaraoldi masalalari yuzasidan ishchi aloqalarini davom ettirishga tayyor ekanini bildirdi.

Bundan avval Turkiy kengashga a’zo davlatlar tashqi ishlar vazirlarining Afg‘oniston bo‘yicha qo‘shma bayonoti qabul qilingani hamda Afg‘oniston chegarasida o‘zbekistonlik harbiy halok bo‘lgani haqida xabar berilgandi.