Farg‘ona viloyatining Rishton tumanida Tojikiston hukumati hisobidan qurilgan 200 o‘rinli maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi, deya xabar berdi “Daryo” muxbiri.
Qayd etilishicha, “Kapalak” nomli yangi maktabgacha ta’lim tashkilotini foydalanishga topshirish marosimida maktabgacha ta’lim vaziri Agrippina Shin, Tojikistonning O‘zbekistondagi favqulodda va muxtor elchisi Rahmonzoda Abdujabbor Aziz, Tojikiston ta’lim va fan vaziri Imomzoda Muhammadyusuf ishtirok etgan.
Rishtondagi “Uchariq” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida barpo etilgan 200 o‘rinli ushbu bog‘chada qurilish ishlari Tojikistonning “Sozanda” mas’uliyati cheklangan jamiyati tomonidan amalga oshirilgan. Ikki qavatli binoda musiqa, badiiy gimnastika, sport zallari, zamonaviy o‘yin maydonchalari, keng va yorug‘ xonalar, yotoqxona va oshxona mavjud.
Avvalroq O‘zbekiston hukumati hisobidan Tojikistonning So‘g‘d viloyati Spitamen shahrida 600 o‘rinli maktab, Xatlon viloyatining Qubodiyon tumanida esa 200 o‘rinli shifoxona qurilishi haqida xabar berilgan edi. O‘z navbatida Tojikiston tomoni Samarqandda 600 o‘rinli maktab va Rishtonda bolalar bog‘chasi qurish rejasini ma’lum qilgan edi.
Izoh (0)