Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Qarshi shahrida asli viloyatning Yakkabog‘ tumanidan ekani aytilgan Surayyo Normurodova to‘rt kundan beri ko‘cha-ko‘yda, chiqindixonalarda tunab yurgani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar berdi.

Surayyo Normurodova va o‘g‘li.

Surayyo Normurodova va o‘g‘li.
Foto: “Daryo”

Surayyo Normurodovaning aytishicha, u 2017-yil Yakkabog‘ tumanidan Qarshi tumanining Avrora massiviga kelin bo‘lib tushgan. Biroq turmush o‘rtog‘ining spirtli ichimlikka berilgani va farzandiga shafqatsizlarcha munosabatda bo‘lgani uni oilasini tashlab chiqishga majbur qilgan. Uyini tark etgan ayol dastlab Nishon tumanidagi fermer xo‘jaliklaridan birida ishlagan. Ko‘p o‘tmay, turmush o‘rtog‘i o‘zgarganini aytib, Surayyo Normurodovani yana uyiga qaytargan. So‘ngra qaynota nabirasiga deb atalgan uyni o‘g‘li va keliniga bergan.

“Lekin erim yana eski qiliqlarini boshlagach, bolamning sog‘lig‘ini o‘ylab, yana uyini tark etdim. Ammo ko‘p o‘tmay turmush o‘rtog‘im vafot etdi. Shundan beri o‘g‘lim bilan ko‘cha-ko‘yda yashab kelamiz. Qaynonamnikiga qaytay desam, ular uyiga kiritmaydi. Bizga berilgan ‘dom’ ham erimning birinchi oilasidan bo‘lgan farzandiga atalgan ekan. Berishmayapti. Aka-ukalarim ham holimni bilsa-da, yordam bermaydi. Sal avvalroq akamning o‘g‘li kelib, qo‘limga 50 ming so‘m pul berib ketgan edi. Bori shu”, — deydi o‘g‘li bilan ko‘chada yashashga majbur bo‘layotgan ayol.

Surayyo Normurodova bolasini boqish ilinjida har kuni shahar ko‘chalarida, chiqindixonalarda yashab yurishga mahkum. U avvalroq ko‘mak so‘rab Qarshi tuman hokimligiga borgan. Yordam ololmagach, mas’ullarga ishonchi so‘nib, endilikda hech qaysi rahbar ko‘magidan umid qilmayapti.

“Farzandim tug‘ilgan paytda xotin-qizlar qo‘mitasiga ham, MFY raisiga ham murojaat qilib, nafaqa so‘raganman. O‘sha paytda har xil bahonalar bilan yordam berishmagani uchun umuman rahbarlar oldiga bormay qo‘yganman. Shu paytga qadar tuman hokimi yoki viloyat hokimi qabuliga bormaganman”, — deydi Surayyo Normurodova.

Ta’kidlash lozim, ayol farzandi bilan to‘rtinchi kuni ham ko‘chada tunab qolayotganidan xabar topgan Qarshi shahar hokimligi mas’ullari voqea joyiga yetib kelib, ayoldan hol-ahvol so‘radi. Saxovatpesha fuqarolardan biri esa ayolning muammosi hal bo‘lgunga qadar olti kunlik mehmonxona xarajatlarini to‘lab, ayol va bolasi uchun yashash imkoniyatini qilib berdi. Orasta Tosheva boshchiligidagi shahar hokimligi mas’ullari esa ayolga oziq-ovqat mahsulotlari olib borgan.

“Bugun Yakkabog‘ tumani hokimligining mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash bo‘limi mas’uli Zamira opa bilan suhbatlashib, ayolning 7 nafar aka-ukasi borligini aniqladik. Zamira opa bilan birgalashib, ayolning aka-ukalari bilan gaplashmoqchimiz. Va bu muammoni, albatta, ijobiy hal etamiz. Ayol va uning farzandi taqdiri e’tiborimiz markazida bo‘ladi”, — deydi viloyat IIBning xotin-qizlar masalalari bo‘yicha mas’uli, podpolkovnik Hidoyat To‘rayeva.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Mahalliy
O‘zbekistonda ko‘chmas mulk, avtomototransportni boshqa shaxsga o‘tkazishda davlat boji miqdorlari kamaytirildi
Mahalliy
Elektr va gazdan shikoyat qilgan fuqarolarni qamoq bilan “ogohlantirgan” deputat o‘z xohishiga ko‘ra ariza yozdi
Mahalliy
O‘zbekistonning katta qismida hafta oxiriga borib anomal sovuq bo‘lishi kutilmoqda