O‘zbekistonda grippga qarshi emlanish jarayonlari boshlandi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

SSV matbuot xizmati Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati bo‘lim boshlig‘i Rustam Ikromovga gripp va unga qarshi emlanish jarayonlari haqidagi savollar bilan murojaat qildi.

— Grippga qarshi emlanish kasallikdan qanchalik himoya qila oladi?

— Gripp o‘z vaqtida samarali davolanmasa, organizmda asoratlar qoldirishi mumkin. Hech qaysi vaksina kasallikdan butkul himoya qila olmaydi. Vaksina olganlar grippga 100 foiz chalinmaydi, deb hech kim kafolat bermaydi.

Ammo grippga qarshi vaksina yo‘riqnomasida 98 foiz himoya qilishi ko‘rsatilgan. Shu sababli har yili minglab yurtdoshlarimiz bu vaksinalarni qabul qilmoqda.

— O‘zbekistonda grippga qarshi vaksinalarning qanday turlaridan foydalanilmoqda?

— Chetdan olib kirilayotgan har bir vaksina sifati va samaradorligi Sog‘liqni saqlash vazirligining tegishli muassasasi tomonidan tekshirilib, amaliyotga joriy qilishga ruxsat beriladi.

O‘zbekistonga turli davlatlarda ishlab chiqilgan vaksinalar olib kelinadi. Samaradorligi eng yuqori bo‘lgan vaksinalar Niderlandiya, Germaniya, Xitoy, Hindiston, Rossiya tomonidan ishlab chiqariladi.

Grippga qarshi vaksina qabul qilayotganda har bir fuqaro o‘z xohishiga ko‘ra turli davlatda ishlab chiqilgan vaksinadan birini tanlashi mumkin.

— Vaksinaning ta’sir kuchi qanchaga yetadi?

— Hamma vaksinalar kabi mavsumiy grippga qarshi vaksina ham organizmda 15 kun ichida mikroblarga qarshi immunitet ishlab chiqadi. Ta’sir kuchi 1 yilga yetadi.

— Bilamizki, hozirda koronavirusga qarshi vaksina olishga qarshi ko‘rsatmalari bo‘lgan fuqarolar emlash jarayonlariga jalb etilmayapti. Grippga qarshi vaksina olishda ham shunday cheklovlar bormi?

— Emlashdan oldin shifokor tomonidan, albatta, emlanuvchi shaxsning umumiy salomatligi tekshirilib, shunga ko‘ra vaksinatsiya qilish-qilmaslik belgilanadi. Ya’ni, emlanadigan kishi shamollash, nafas olish yo‘llari yallig‘lanishi kabi kasalliklardan tamoman sog‘lom bo‘lishi kerak.

Shuningdek, vaksina tarkibidagi komponentlarga nisbatan allergik ta’sirchanlik darajasi ham tekshiriladi.

Shuni unutmasligimiz kerakki, COVID-19 gripp mavsumida xavfliroq bo‘ladi, shuning uchun grippga qarshi vaksina qabul qilish har qachongidan ham muhimroq. Koronavirus va gripp o‘zaro o‘xshash belgilarga ega bo‘lib, yoshi katta insonlarga hamda yurak va o‘pka xastaliklari kabi surunkali kasalliklarga chalinganlar uchun qattiq ta’sir qilishi mumkin.

— Grippga qarshi vaksinalar COVID-19 dan himoya qila oladimi?

— Grippga qarshi emlash darajasining ko‘payishi aholi orasida nafas yo‘li kasalliklarini kamaytirishi mumkin.

Grippga qarshi vaksina odamlarni COVID-19 dan himoya qilmaydi, u grippni rivojlanish xavfini kamaytiradi, shuningdek, gripp bilan bog‘liq asoratlar, jumladan, kasalxonaga joylashtirilish va hatto o‘lim xavfini kamaytiradi.

— Koronavirusga qarshi emlangan odam grippga qarshi ham emlanmoqchi bo‘lsa, unda qanday yo‘l tutish kerak?

— Bu juda to‘g‘ri qaror bo‘ladi. Bilamizki, gripp — mavsumiy kasallik. Undan o‘tib olish uchun vaksina katta yordam beradi. Koronavirus va gripp bir paytning o‘zida xuruj qilsa, organizm ancha qiynaladi. Shuning uchun ikkala kasallikka qarshi ham emlanish eng maqbul yo‘ldir.

Koronavirusga qarshi vaksina olgan fuqarolar emlanishdan 14 kun o‘tib grippga qarshi vaksina olishlari mumkin.