O‘zbekistonda ilk bor Toshkent shahridagi Turin politexnika universiteti talabalari tomonidan yaratilgan CubeSat (nano sun’iy yo‘ldosh) stratosferaga uchirildi. Bu haqda Oliy va o‘rta maxsus ta’limi vazirligi ma’lumot berdi.

Vazni 2,5–3 kg bo‘lgan, U-klassdagi ushbu apparat, kosmik tadqiqotlar olib borish uchun bir nechta modullardan tashkil topgan 10 santimetr kub hajmdagi sun’iy yo‘ldosh hisoblanadi.

CubeSat bir qator sensor qurilmalardan tashkil topgan bo‘lib, yerdan uzoqlashish balandligini, stratosferadagi havo namligi, shamol tezligi, havoning ifloslanish darajasi to‘g‘risidagi va boshqa turdagi fizikaviy ma’lumotlarni onlayn tarzda universitetda joylashtirilgan ma’lumotlarni qabul qiluvchi stansiyaga uzatdi.

Qayd etilishicha, CubeSat uchishi davomida video tasvirlarni onlayn tarzda uzatdi, ushbu ma’lumotlar yordamida kelgusida geoaxborot tizimlari yo‘nalishidagi tadqiqotlarda foydalaniladi.