Shavkat Mirziyoyev 10-sentabr kuni “Bojxona tartib-taomillarini soddalashtirish va davlat bojxona xizmati organlari tashkiliy tuzilmasini yanada takomillashtirish to‘g‘risida”gi farmonni qabul qildi, deb xabar bermoqda Adliya vazirligi matbuot xizmati.

Foto: “Gazeta.uz”

Farmon bilan 2021-yil 1-oktabrdan Toshkent, Sirdaryo, Qashqadaryo va Xorazm viloyatlari bojxona boshqarmalarida, 2022-yil 1-apreldan esa boshqa hududiy boshqarmalarda toifadan tashqari maqomga ega bo‘lgan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” bojxona postlari bosqichma-bosqich tashkil etiladi.

2021-yil 1-oktabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” postlari tashqi iqtisodiy faoliyat (TIF) ishtirokchilarining elektron bojxona yuk deklaratsiyalarini masofaviy rasmiylashtiradi.

Hujjatga asosan quyidagi bojxona postlari tugatiladi:

  • Qoraqalpog‘iston Respublikasi “Naymanko‘l” temiryo‘l chegara bojxona posti;
  • Qashqadaryo viloyati “Qarshi tola” TIF bojxona posti, “Qarshi” temiryo‘l chegara bojxona posti;
  • Surxondaryo viloyati “Amuzang” temiryo‘l chegara bojxona posti;
  • Farg‘ona viloyati “Beshariq” temiryo‘l chegara bojxona posti, “O‘qchi” chegara bojxona posti.

Shuningdek, 2021-yil 1-dekabrdan “Masofaviy elektron deklaratsiyalash” Davlat chegarasi orqali avtomobil o‘tkazish punktlarida veterinariya va fitosanitariya organlarining hujjatlarini “Yagona darcha” bojxona axborot tizimi orqali tekshiradi, veterinariya va fitosanitariya organlarining tovar-transport hujjatlariga muhr bosish va ro‘yxatga olish amaliyoti bekor qilinadi.

2022-yil 1-yanvardan ortiqcha to‘langan yoki undirilgan bojxona to‘lovlari TIF ishtirokchisiga 3 ish kuni davomida qaytariladi. Shu bilan birga, bojxona to‘lovlarini kechiktirib yoki bo‘lib-bo‘lib to‘lashning eng kam muddati 14 kun etib belgilanadi va ushbu muddatda foizlar undirilmaydi.

Farmonga muvofiq, Davlat bojxona qo‘mitasi tizimida Markaziy bojxona laboratoriyasi tashkil etiladi. Laboratoriya Jahon bojxona tashkilotining “Mintaqaviy bojxona laboratoriyasi” maqomini olish choralari ko‘riladi.

Laboratoriya nikotin saqlovchi mahsulotlar va spirtli ichimliklar tarkibini aniqlash, tovarlarni ekspertizadan o‘tkazish va sertifikatsiyalash bilan bog‘liq boshqa xizmatlarni ko‘rsatadi.