Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi ijtimoiy tarmoqlarda Moskva shahrida O‘zbekiston fuqarosi o‘ldirib ketilgani to‘g‘risida tarqalgan xabarlarga munosabat bildirdi.
“Izvestiya” nashrining yozishicha, Moskva g‘arbidagi Ryabinova ko‘chasida bir fuqaroning jasadi og‘zida g‘isht bo‘lagi bilan topilgan. Marhumning yonidagi hujjatlarga ko‘ra, u 1990-yilda tug‘ilgan O‘zbekiston fuqarosi, Ryazan viloyatida vaqtincha yashash bo‘yicha ro‘yxatdan o‘tgan.
Tashqi mehnat migratsiyasi agentligining ma’lum qilishicha, mazkur holat agentlikning Moskvadagi vakolatxonasi tomonidan o‘rganilmoqda.
Xususan, vafot etgan fuqaroning shaxsiga aniqlik kiritilgan. Uning yaqin qarindoshlari bilan aloqa o‘rnatilib, jasadni O‘zbekistonga qaytarish bo‘yicha tegishli hujjatlar rasmiylashtirilmoqda.
Shuningdek, Rossiyaning huquq-tartibot idoralari xodimlari bilan aloqalar o‘rnatilib, mazkur hodisa nazoratga olingan.
Avvalroq Rossiyada O‘zbekiston fuqarosi tug‘ilgan kunini nishonlayotgan hamyurtini pichoqlab qo‘ygani, Leningraddagi qurilish maydonida 22 yoshli O‘zbekiston fuqarosi balandlikdan qulab, vafot etgani to‘g‘risida xabar berilgandi.