Germaniya kansleri Angela Merkel 7-sentabr kuni Bundestagning yalpi majlisida nutq so‘zladi, bu uning bo‘lajak parlament saylovlari oldidan so‘nggi nutqi. Uchrashuv mahalliy telekanallar tomonidan translyatsiya qilingan, deb yozadi “TASS”.

Foto: Reuters

Merkelning nutqi 14 daqiqa davom etdi. Kansler iqlim o‘zgarishiga qarshi kurash, “yashil” energiyani rivojlantirish, terrorizm va kiberjinoyatlarga qarshi kurash haqida gapirdi. Hukumat rahbari fursatdan foydalanib, fuqarolarni koronavirusga qarshi emlash kursidan o‘tishga yana bir bor chaqirdi. Nutqi yakunida u ichki siyosat mavzusini ko‘tardi, bu esa muxolifatning noroziligiga sabab bo‘ldi.

Merkel Xristian-demokratik va xristian-sotsial uyushmalaridan (XDU/XSU) ko‘rsatilgan nomzod Armen Lashetni qo‘llab-quvvatladi, natijada kansler deputatlarning norozi baqir-chaqirlariga javob berishga majbur bo‘ldi.

“Keyingi hukumat egasining kim bo‘lishi menga baribir emas. Bu sotsial-demokratlar bo‘ladimi yoki “yashillari”mi, u so‘llarning qo‘llab-quvvatlanishini hisobga oladi yoki hech bo‘lmaganda voqealarning bunday rivojlanishini istisno qilmaydi”, — dedi kansler.

So‘l partiya fraksiyasi o‘tirgan tomonda norozilik shovqini tingach, Merkel “Men shunchaki haqiqatni aytyapman”, — deya ta’kidlab qo‘ydi.

“Yoki hukumatda Armin Lashet boshchiligida XDU/XSU bo‘lishi mumkin, u bizni kelajak tomon mo‘tadil va markaziy pozitsiyalarda olib boradi”, — deya o‘z mavzusida davom etdi kansler. Shundan so‘ng u ikkinchi bor nutqini bo‘ldi va yanada hissiyot bilan ta’kidladi: “Men 30 yildan buyon Bundestag a’zosiman va bu kabi masalalarni demokratiyamizning markazida bo‘lmasa, yana qayerda muhokama qilishni bilmayman”.

Germaniyada bo‘lajak hukumat koalitsiyasi sotsial-demokratlar (SDP), “yashillar” va so‘llardan biri bo‘lishi mumkin. Merkelning o‘zi aytib o‘tganidek, shaxsan u so‘l tarafning hukumatdagi ishtirokiga mutlaqo qarshi. U boshqa partiyalarni tanqid qilib keladi, chunki Merkelning fikriga ko‘ra, ular o‘z noroziligini ochiq aytmaydi. Umuman olganda, SDP ham, “yashillar” ham so‘l tomonning bir qator talablarini qabul qilib bo‘lmasligini aytgan. Bu talablar orasida NATOdan chiqish va barcha harbiy operatsiyalarda qatnashishni darhol to‘xtatish kabilar bor.

Armin Lashet Germaniyaning aholisi eng ko‘p Shimoliy Reyn-Vestfaliya o‘lkasi bosh vaziri. Iyul oyining o‘rtalarida o‘lkada kuchli suv toshqini yuz berdi, o‘shandan beri Lashetning va u bilan birga XDU/XSU siyosiy blokining reytingi o‘zgardi. So‘rovnomalar natijalariga ko‘ra, aholining 20 foizi ularga, 25 foizi Germaniya sotsial-demokratik partiyasiga (SDP) ovoz berishga tayyor. Agar ushbu farq 26-sentabrdagi saylovgacha davom etsa, SDP vakili Olaf Sholz Germaniya kansleri bo‘ladi.

Saylovlar haqida

Germaniyada 26-sentabr kuni parlament saylovlari bo‘lib o‘tadi. Konstitutsiyaga ko‘ra, saylovdan keyin 30 kun ichida yangi Bundestag yig‘ilishi kerak. Kanslerning vakolatlari aynan yangi qonun chiqaruvchi organlarning birinchi yig‘ilishida tugaydi, lekin faqat rasmiy ravishda. Lavozimini tark etayotgan kansler rasman vazifasini bajaruvchi bo‘ladi, ammo aslini olganda unda barcha vakolatlar saqlanib qoladi. Bu shuni anglatadiki, nazariy jihatdan, Merkel deputatlarning navbatdagi chaqirig‘ida ishtirok etishi mumkin.

Yangi kansler prezidentdan ishonch yorlig‘ini olganidan so‘ng o‘z vazifasini bajarishga kirishadi. Bu tomonlarning koalitsiya muzokaralari tugagandan so‘ng sodir bo‘ladi. To‘rt yil oldin bunday muzokaralar 172 kun — rekord darajada uzoq davom etgan.