Germaniya kansleri Angela Merkel 14—16-iyul kunlari AQShga tashrifi chog‘ida Jons Hopkins universitetining faxriy doktorlik unvonini oladi. Bu haqda Germaniya Vazirlar Mahkamasi vakili Shteffen Zaybertga tayanib “RIA Novosti” xabar berdi.

Foto: “RIA Novosti”

“Kansler Vashingtondagi tantanali marosimda Jons Hopkins universitetining faxriy doktorlik unvonini oladi”, — dedi Shteffen. Uning qo‘shimcha qilishicha, bu Merkelning 18-ilmiy darajasi bo‘ladi.

Qayd etilishicha, Vashingtonda AQSh prezidenti Jo Bayden bilan muzokaralar va ikki mamlakat rahbarlarining qo‘shma matbuot anjumanidan so‘ng, 15-iyul kuni AQSh Merkel va uning turmush o‘rtog‘i Yoaxim Zauer uchun kechki ovqat tashkil qiladi.

Avvalroq Angela Merkel Rossiya bilan raqobatda Germaniyaga yordami uchun AQShga minnatdorlik bildirgan edi.

Eslatib o‘tamiz, 2021-yil arafasida Angela Merkel kansler sifatida Germaniya xalqiga so‘nggi marta Yangi yil murojaatini yo‘llagandi. Merkel 2021-yilning sentabr oyidagi saylovlarda qatnashmasligi va siyosatdan nafaqaga chiqish niyatini yana bir bor tasdiqlagan.