“Yangi O‘zbekiston” bog‘ida mustaqillikning 30 yilligi munosabati bilan bo‘lib o‘tayotgan davlat tadbirida Prezident Shavkat Mirziyoyev nutq so‘zladi.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Prezident o‘z nutqi davomida O‘zbekiston xalqini bayram bilan tabriklab, mamlakat Birinchi Prezidenti Islom Karimovni yodga oldi. Bu haqda “Daryo” muxbiri xabar qildi.

Bugun yurtimizda ulug‘ bayram, katta tantana. Ko‘pmillatli O‘zbekiston xalqi jonajon vatanimiz istiqlolining shonli o‘ttiz yillik to‘yini zo‘r shod-u xurramlik bilan nishonlamoqda.

“Yangi O‘zbekiston” deb nom olgan mana shu muazzam bog‘da biz bugun birinchi marta Mustaqillik bayramini o‘tkazmoqdamiz.

Shu munosabat bilan siz, azizlarni, sizlarning timsolingizda butun xalqimizni chin qalbimdan tabriklab, o‘zimning samimiy va eng ezgu tilaklarimni bildiraman.

Barchamizga ayonki, el-yurtimiz asrlar davomida ozod va erkin hayotni, adolatli jamiyatni orzu qilib yashadi. Bu muqaddas maqsad yo‘lida jon olib, jon berib kurashdi, mashaqqatli sinovlarni mardona yengib o‘tdi.

Xalqimiz qalbidagi hurriyat sari ezgu intilishni hech qanday bosqin, zulm va zo‘ravonliklar yo‘qota olmadi. Bunga ko‘hna tariximizning o‘zi guvoh.

1991-yil 31-avgust kuni mamlakatimiz hayoti va taqdirida tub burilish yasagan, tom ma’nodagi buyuk tarixiy voqea yuz berdi. Necha yuz yillar davomida kelajakka katta umid va ishonch bilan qarab, hamisha sabr-matonat bilan yashagan xalqimiz ulug‘ orzusiga erishdi – o‘zining davlat mustaqilligini qo‘lga kiritdi.

Bugungi qutlug‘ ayyomda barchamiz, butun xalqimiz O‘zbekiston mustaqilligini e’lon qilib, tariximizning eng murakkab va og‘ir davrlarida davlatimizni boshqargan Birinchi Prezidentimiz muhtaram Islom Abdug‘aniyevich Karimov nomini, u kishining bevosita rahbarligida, xalqimizning matonati va jasorati bilan amalga oshirilgan ulkan ishlarni esga olishimiz tabiiydir.

Istiqlol yillarida yurtimizda yangi davlat va jamiyat qurish yo‘lida muhim ishlar bajarildi. Qisqa muddatda mamlakatimiz Konstitutsiyasi ishlab chiqildi. Zamonaviy davlatchilik asoslari, qonun chiqaruvchi, ijro etuvchi va sud hokimiyatlari shakllandi.

Mamlakatimiz mustaqilligi va suverenitetini, sarhadlarimiz daxlsizligini, xalqimizning tinch va osoyishta hayotini ishonchli himoya qilishga qodir bo‘lgan Qurolli Kuchlar barpo etildi.

Milliy valyutamiz – so‘m joriy qilindi, oltin-valyuta zaxiralarimiz shakllantirildi. Qadimiy tariximiz, boy madaniy merosimiz, milliy-diniy qadriyatlarimiz, o‘zligimiz tiklandi.

Muxtasar aytganda, ko‘pni ko‘rgan xalqimiz o‘zining mustahkam irodasi va matonati, beqiyos salohiyatini namoyon etib, tarixan qisqa fursat ichida ulkan taraqqiyot yo‘lini bosib o‘tdi.

Vatanimiz jahon hamjamiyatidan munosib o‘rin egalladi.

Mana shunday buyuk tarixiy jarayonlarda faol ishtirok etish nasib qilganidan ko‘pchilik vatandoshlarim qatori men ham baxtiyorman.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

Foto: “Daryo” / Madina Nurman