Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

O‘zbekiston tashqi ishlar vazirining birinchi o‘rinbosari Farhod Arziyev ayrim xorij OAVlarida O‘zbekiston orqali evakuatsiya qilinayotgan Afg‘oniston fuqarolari orasida turli terroristik tashkilotlar a’zolarining ham borligi haqidagi xabarlarga munosabat bildirdi. Bu haqda “Gazeta.uz” xabar qilmoqda.

Foto: Germaniya Mudofaa vazirligi

Farhod Arziyev Senatning 18-yalpi majlisida Mudofaa va xavfsizlik masalalari qo‘mitasi raisi Qutbiddin Burhonovning savollariga javob berar ekan, quyidagilarni ta’kidlab o‘tdi:

“Ayrim OAVlarda tranzit orqali terroristik guruhlarga mansub odamlarning davlatga kirishi yoki xavf-xatarlar haqida xabarlar tarqalyapti. Hammamiz yaxshi bilamiz, O‘zbekiston birinchi navbatda xalqaro tashkilotlar vakolatxonalari, xorijiy diplomatik vakolatxonalar vakillari va Afg‘oniston fuqarolari tranzitiga yaqindan ko‘maklashyapti”, — dedi TIV vakili.

Uning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston orqali o‘tayotganlar Yevropa va boshqa hududlarga, xorijiy davlatlarga olib ketilyapti.

“Albatta, biz bunday vujudga kelgan vaziyatni e’tiborga olib, xalqaro hamkorlar bilan o‘zaro kelishuvimizdan kelib chiqqan holda, gumanitar nuqtayi nazardan mana shunday yordam ko‘rsatyapmiz. Men sizni ishontirib ayta olamanki, O‘zbekiston hududidan tranzit orqali o‘tib ketayotgan shaxslarning oldindan ro‘yxati bo‘ladi, ular tegishli filtrdan o‘tkaziladi va tranzit olib ketayotgan davlatlar ular uchun barcha mas’uliyatni o‘z bo‘yinlariga oladi.

Bizning tegishli vakolatli organlarimiz tomonidan mamlakatimiz hududida qandaydir terrorchilar kirib kelishiga yo‘l qo‘yilmaydi”, — deya ta’kidladi Farhod Arziyev.

Ma’lumot uchun, so‘nggi hafta mobaynida Rossiya OAVlarida afg‘on qochqinlari orasida terrorchilar ham O‘zbekistondan tranzit sifatida uchinchi davlatga uchib chiqib ketish uchun samolyotlarga chipta olayotgani, biroq chegaradan o‘tgach, O‘zbekiston chegarasida qolib ketayotgani va terroristik harakatlari uchun bu yerda sharoit yaratayotgani haqida yozmoqda.

Jumladan, “Argumenti i Fakti” nashri fransuz aksilterror organi tomonidan “Tolibon” harakatining kamida bir jangarisini Fransiya hukumati Afg‘onistondan evakuatsiya qilayotgan qochqinlar orasida aniqlagani haqida xabar qilgandi.

TIV so‘nggi bir necha kunda O‘zbekiston hududi orqali Afg‘onistondan qariyb 2000 nafar chet davlatlar fuqarolari evakuatsiya qilingani haqida xabar bergan edi.

18-avgust kuni esa O‘zbekiston hukumati Surxondaryoda chodirlar shaharchasini tashkil etgani, u yerda Afg‘onistondan kelgan 100 dan ortiq qochqinlar joylashtirilgani haqida xabar berilgandi. O‘shanda Sputnik Uzbekistan 650 nafar afg‘on askari chegaradagi harbiy poligon yaqinidagi kovid-markazga joylashtirilgani haqida xabar bergandi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
“Temur ham, Bobur ham Hindistonni aql bilan olgandi”. Twitter foydalanuvchilari shaxmat Olimpiadasidagi g‘alaba haqida
Dunyo
AQSH armiyasi yollanma askarlar tanqisligiga duch kelmoqda — Bloomberg
Madaniyat
Instagram: Tug‘ilgan kunini nishonlagan Shahzoda Matchonova, yangi mashinali bo‘lgan Aziza Xalilova, farzandli bo‘lgan Yulduz Nizomova