Bugun,

  • USD 10920.28
  • RUB 177.49
  • EUR 11052.42

“Tolibon” Afg‘onistonda hokimiyat tepasiga qaytganidan keyin Kobul aeroporti mamlakatni tark etish uchun yagona yo‘l bo‘lib qolmoqda. “Tolibon” yer ustidagi chegaralarning deyarli barchasini yopib qo‘ydi, ammo chet elliklar va mahalliy aholining Kobuldagi Hamid Karzay nomli aeroport orqali ketishiga xalal bermaslikka so‘z berdi. Ammo aeroportdan tijorat aviareyslari 16-avgust, Kobul “Tolibon” tomonidan egallangan kunning ertasigayoq uchishdan to‘xtadi. Faqat evakuatsiya aviareyslari qolib, ular G‘arb mamlakatlarining harbiy aviatsiyasi tomonidan amalga oshirilmoqda, deb yozadi Meduza.

Kobul aeroportiga kirishga urinayotgan afg‘onlar va ularning ortida uchib ketayotgan harbiy samolyot. 2021-yil 23-avgust
Foto: Getty Images

AQSh va uning ittifoqdoshlari aeroport ichida xavfsizlikni ta’minlamoqda. Unga kirish yo‘lini “Tolibon” qo‘riqlamoqda. Aeroportda olti ming nafar Amerika harbiy xizmatchilari va Yevropa mamlakatlari askarlari bor. Ular aeroport hududini qo‘riqlamoqda va uchib ketmoqchi bo‘lgan odamlarning hujjatlarini tekshirib, aeroportga kirishni nazorat qilmoqda. “Tolibon” o‘z navbatida aeroportga olib boradigan yo‘llarga blokpostlar o‘rnatib oldi. Ular, hatto, evakuatsiya huquqini tasdiqlovchi hujjati bor odamlarni ham o‘tkazmasligi mumkin.

Aeroportdan G‘arb mamlakatlari fuqarolari va G‘arbga yordam bergan afg‘onlar evakuatsiya qilinmoqda. Ammo hammani olib ketish iloji yo‘q. NATO mamlakatlari hukumatlari ushbu mamlakatlarning elchixonalari, harbiy bazalari, notijorat tashkilotlarida ishlagan afg‘onlarni bortga olmoqda. Afg‘onistonda bu odamlarning barchasi xavf ostida: “Tolibon” ularni xoin deb hisoblab, ularni qidirishni va o‘ldirishni boshladi. O‘zi hamkorlik qilgan mamlakatga viza olgan odamlarda samolyotga chiqib olish imkoniyati eng yuqori. Muammo shundaki, so‘nggi vaqtlargacha bunday vizalar asta-sekinlik bilan berilgan va yana shundaki, bunday vizani G‘arb bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarning hammasi olishi dargumon: huquq himoyachilarining hisob-kitoblariga ko‘ra, birgina AQSh bilan 20 yil davomida kamida 300 ming afg‘onistonlik hamkorlik qilgan.

Kobul qo‘lga olinganidan keyin ko‘plab afg‘onlar uchib ketish umidida aeroportga ko‘chib borib oldi. Odamlar samolyotlarning shassilariga osilib oldi va halok bo‘ldi. 15-avgust, “Tolibon” Kobulga kirgan kuni Amerika harbiylari Kobul aeroportini qo‘riqlov ostiga olib G‘arb diplomatlarini evakuatsiya qila boshladi. Aeroportga ko‘plab afg‘onistonliklar ham keldi. Yuzlab odamlar uchish-qo‘nish yo‘lagiga yugurib chiqib, yerda turgan samolyotlarga yopirilib kira boshladi. The New York Times xabariga ko‘ra, Amerikaning harbiy samolyotlaridan biri uchib chiqqanidan keyin shassisini yopa olmagan; bunga shassi tuynugiga kirib olib, u yerda pachoqlanib ketgan “noma’lum sondagi afg‘onlar”ning jasadlari xalal bergan. AQShga yetib kelganidan keyin samolyot ekipajini ruhshunoslar va rohiblar kutib olgan.

Samolyotlarga haligacha minglab odamlar chiqib olishga urinmoqda. Ularni tayoqlar, ko‘zni yoshlantiruvchi gaz va havoga o‘q uzish orqali quvib yuborishmoqda. Huquq himoyachilari va AQSh hukumati ma’lumotlariga ko‘ra, aeroport yaqinida qariyb 10 ming odam to‘plangan. Ularning ko‘pchiligi harbiy xizmatchilar qo‘riqlayotgan darvoza oldida yig‘ilmoqda. Ba’zilar u yerda suv va yegulik zaxiralarisiz bir necha kunlab navbatchilik qilmoqda. Darvozalardan birining atrofidagi vaziyat ko‘proq qochqinlar lagerini eslatadi, deb yozadi Al Jazeera. Darvozalar oldidagi olomon ichida bir necha marta ur-yiqit kuzatildi, harbiylar va “Tolibon” esa olomonni ko‘zni yoshlantiruvchi gaz yordamida va havoga o‘q uzib tarqatib yubordi. Aeroportga kirishga urinayotganlarni dubinka va tayoqlar bilan kaltaklashayotgani yuzasidan dalillar bor.

Evakuatsiya huquqiga ega bo‘lgan odamlar tartibsizlik va chalkashlikdan shikoyat qilmoqda. Aeroportga kirishda katta olomon to‘plangani tufayli Amerika hukumati Davlat departamentidan maxsus bildirishnoma kelgunicha uyda qolishni tavsiya qilmoqda. Biroq uni olganlar ham aeroportga kirib ololmayapti. “Biz aeroportga ertalab oltida keluvdik, kechki oltigacha darvoza ochilmadi”, — deya ma’lum qildi Davlat departamentining taklifidan keyin aeroportga xotini va ikki bolasi bilan yetib kelgan AQSh va Afg‘oniston fuqarosi The Washington Post’ga. Aeroportga zarur hujjatlar bilan yetib kelganlarning ba’zilari darvoza oldidagi olomon orasidan o‘tib keta olmayapti. Ular bir necha kunlab u yerda kutib o‘tirishi yoki uyiga qaytib ketishi va keyingi safar “Tolibon” blokpostidan o‘tolmaslik xavfini ham orttirishi kerak bo‘ladi.

Bir hafta ichida aeroport yaqinida kamida 20 kishi, shu jumladan, bolalar ham halok bo‘ldi. Ammo bu hisob-kitob ko‘p marta kamaytirilgan bo‘lishi mumkin. Halok bo‘lganlarning ba’zilari samolyotlarga hujumlar qurbonlari bo‘ldi, ayrimlari o‘qotar quroldan yaralanib o‘ldi, boshqalari ur-yiqitda nobud bo‘ldi. Amerika qo‘shinlarining sobiq tarjimoni (ayol kishi) qizi bilan tiqilinch orasida qolib ketgani, bolasi halok bo‘lgani haqida The New York Times’ga gapirib berdi. Bundan tashqari, aeroport atrofiga to‘plangan ba’zi odamlar o‘z farzandlarini to‘siq orasidan G‘arb harbiylariga uzatgan. Bunday holatlardan biri videotasvirga tushib qolib, internet orqali keng tarqalib ketdi, unda to‘siqda turgan amerikalik askar yangi tug‘ilgan qizchani qo‘liga olayotgani aks etgan. AQSh hukumati ma’lum qilishicha, qizchani shifokorlar ko‘rikdan o‘tkazgan, shundan keyin uni aeroportda turgan otasiga berishgan.

Videodan kadr: The New York Times

O‘ziga to‘q afg‘onlar o‘zlari samolyot yollab, uchib ketishga muvaffaq bo‘lmoqda. Ukrainaning harbiy borti bilan ham shunday voqea yuz berdi. Ukraina Tashqi ishlar vazirligi dastlab samolyot olib qochilgani haqida ma’lum qildi, ammo keyinroq bu axborotni rad etdi. “Strana.ua” ma’lumotlariga ko‘ra, samolyot “badavlat shia hazoralar tomonidan yollangan, ularga Eronga parvoz uchun valyuta, oltin va qimmatbaho toshlar bilan to‘lagan. Bundan tashqari, Afg‘onistondan ochqayotganlarga jamoat tashkilotlari va xususiy xayriyachilar ham yordam berib, ular uchun Yevropaga reyslardan joy sotib olmoqda. Shunday joyning bittasi 10 ming dollar atrofida bo‘lishi mumkin, deb yozgandi The Atlantic.

14-avgustdan buyon AQSh Afg‘onistondan 28 ming kishini olib ketdi. Jo Bayden evakuatsiya muddati uzaytirilishi mumkinligini aytmoqda, ammo “Tolibon” bunga qarshi. Dastlab G‘arb mamlakatlari fuqarolari va G‘arb bilan hamkorlik qilgan afg‘onlarni evakuatsiya qilish 31-avgust kuni yakunlanishi taxmin qilingan edi. AQSh har kuni rejalashtirilganidan kamroq odamlarni olib ketyapti, hattoki evakuatsiyaga fuqarolik aviatsiyasi samolyotlari ham jalb qilindi: ular Kobuldan harbiy samolyotlarda yaqin atrofdagi mamlakatlarga yetkazilayotgan odamlarni olib ketishi kerak. Bu orada AQSh prezidenti Jo Bayden agar AQShning barcha fuqarolarini olib ketishga ulgurishmasa, Amerika harbiylari Afg‘onistonda 31-avgustdan keyin ham qolishi mumkinligini aytdi. “Tolibon” Afg‘onistonni tark etish muddati kechiktirilsa, NATO mamlakatlarini “jiddiy oqibatlar” kutishini ma’lum qildi.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Madaniyat
Muvaffaqqiyatga erishishidan avval o’zaro do‘st tutingan mashhurlar (foto)
Mahalliy
“Mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi”. Zafar Hoshimov hokimlarning xalq deputatlari kengashlariga rahbar bo‘lishi masalasi haqida
Mahalliy
Chilonzorda yo‘l kengaytirish ishlarida 101 tup daraxt ildizi shikastlangan — Davlat ekologiya qo‘mitasi