Andijon shahridagi “Yangi bozor” dehqon bozorida tengdoshi bilan gap talashib qolib, uni pichoqlab qo‘ygan fuqaroga sud hukmi o‘qildi. Bu haqda “Daryo”ga Andijon viloyati sudi axborot xizmati xabar bermoqda.

Ma’lum bo‘lishicha, Xolmirza Matmusayev (barcha ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2021-yilning 7-mart kuni Andijon shahridagi “Yangi bozor” dehqon bozorida oilaviy qandolat mahsulotlarini sotish bilan shug‘ullanuvchi onasiga yordam berish uchun bozorga kelgan. Kun bo‘yi onasiga yordamlashgan Xolmirza kech soat 18:00 da do‘sti Ulug‘bek Ozodov bilan go‘sht rastasiga ketayotganida tanishi — 2001-yilda tug‘ilgan Omadbek Abbosov bilan o‘zaro gap tortishib, janjallashib qolgan. Xolmirza Omadbek tomonidan berilgan mushtga dosh berolmay yerga yiqilib tushgan. Kaltak yeganidan jahli chiqqan Xolmirza javob qaytarish maqsadida yonida bo‘lgan xo‘jalik pichog‘i bilan Ozodbekning chap son qismiga urgan. Natijada jabrlanuvchi ko‘p qon yo‘qotishi oqibatida ko‘rsatilgan tibbiy muolajalarga qaramay, shifoxonada vafot etgan.

“O‘sha vaqtda ozgina mast holatda edim. Nima bo‘ldi-yu, non rastasi atrofida savdo qilayotgan Ozodbek bilan gap talashib ketdik. U o‘zicha zo‘rlik qildi. Men ham jim turolmadim. Shundan janjal chiqdi. U yuzimga qattiqroq urganida boshim aylanib, yerga yiqildim. Keyin turib, oldimda olib yuradigan pichoqni uning oyog‘iga sanchdim. Aslida uni o‘ldirish maqsadim bo‘lmagan. Voqea yuz bergandan keyin meni haydashdi, ketdim. Hech qancha vaqt o‘tar-o‘tmas Ozodbek yetkazilgan tan jarohati oqibatida vafot etganini eshitdim. Qilgan ishimdan chin ko‘ngildan pushaymonman. Ozodbekning oila a’zolaridan va boshqalardan o‘tinib kechirim so‘rayman”, — deydi sudda so‘z olgan sudlanuvchi.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Ulug‘nor tumani sudi raisi Sherzod Nazirov sudlanuvchi Xolmirza Matmusayevni  Jinoyat kodeksining 104-moddasining 3-qismi “d” bandi (qasddan badanga og‘ir shikast yetkazish jabrlanuvchi o‘limiga sababchi bo‘lsa) bilan aybli deb topgan va unga nisbatan 8 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosi tayinlagan.