Jinoyat ishlari bo‘yicha Xonobod shahar sudi shar’iy nikohdagi eri boshqaga uylanayotganini eshitib, uni o‘ldirgan ayolga hukm o‘qidi. Bu haqda “Daryo”ga viloyat sudi axborot xizmati xabar berdi.

Ma’lum bo‘lishicha, Yangiyo‘l tumanida yashovchi Zulxumor Umarova (ism-shariflar o‘zgartirilgan) 2020-yilning may oyida Toshkent shahrining Sirg‘ali tumanidagi novvoyxonada Murod Yusupov bilan tanishib, bir-birini yoqtirib qolgan. Va shar’iy nikoh asosida turmush qurib, iyul–sentabr oylarida ijaraga uy olib, birga yashagan. 2020-yilning 29-sentabr kuni Murod Toshkentda ishlari yurishmayotganini, shu sababli Jizzaxga ishlash uchun ketayotganini aytib, uyidan chiqib ketgan. Ana shundan keyin juftlik o‘rtasiga sovuqlik tushgan. Zulxumor eriga qo‘ng‘iroq qilganida ba’zan javob bermay, ba’zida esa o‘zi qo‘ng‘iroq qilishini aytib, telefonini o‘chirib qo‘ygan. Shundan so‘ng ayol Jizzax shahar IIBga murojaat qilib, eri bir necha kun oldin Toshkentdan Jizzaxga novvoychilik qilish maqsadida chiqib ketganini aytib, uni topib berishlarini so‘ragan. So‘ngra o‘zi ham Murodni qidirib Jizzaxga borgan va bir necha kun yurib, uni topolmagach, qaytayotganida eri unga qo‘ng‘iroq qilib, Buxoroda ekanini aytgan hamda xotinidan uyga qaytishni so‘ragan.

“20-oktabr kuni Murodga qo‘ng‘iroq qildim. Shunda u tomondan chaqaloq yig‘isi eshitildi. Undan qayerdaligini, chaqaloq kimning farzandi ekanini so‘radim. U esa hech qanday chaqaloq yo‘qligini, yonidagi ayollarning ovozi ekanligini aytib, jahl bilan telefonni o‘chirdi. Murodning opasiga qo‘ng‘iroq qilib, gaplashganimda uni uylantirishayotganini eshitdim. Shunda aldanganligimni bildim. Xo‘rligim kelib, o‘sha paytning o‘zidayoq Andijonga ketish uchun tanishim Dilyorga qo‘ng‘iroq qilib, onam betobligini, shu sababli uning holidan xabar olish uchun borib kelishim kerakligini aytib, yo‘lda sherik bo‘lishga ko‘ndirdim. Shu kuni tungi o‘n birlarda Andijonga yetib kelib, hali bitmagan mehmonxonalardan biriga joylashdik. Tonggi soat 04:00 da mehmonxonadan chiqib, Toshkentga qatnovchi haydovchi bilan gaplashib, unga Izboskan tumanida besh daqiqali ishim borligini aytib, yo‘lga chiqdik. Tong yorishar vaqtda manzilga yetib bordik. Murodga qo‘ng‘iroq qilib, uyini topib kelganimni, ayni paytda darvozasi oldida turganimni, o‘zi chiqmasa, ota-onasining oldiga kirishimni aytdim. Shundan so‘ng u uyidan chiqib, biz kelgan mashinaga o‘tirdi. Birgalikda profilaktika inspektori xonasiga bordik. Murod mashinadan tushiboq meni yaxshi ko‘rishini, majburan uydagilar uchun uylanayotganligini, biroz sabr qilib, to‘y o‘tishini kutib turishimni so‘radi. Kelinni uydagilariga topshirib, 10-15 kundan so‘ng Toshkentga qaytib borishini aytib, tinchlantirishga harakat qildi. Shunda undan ikki-uch soat vaqtini ajratishini so‘radim. U rozi bo‘ldi va shaharga yo‘l oldik”, — deydi sudlanuvchi Zulxumor Murodova.

Qayd etilishicha, ayol sharmanda bo‘lgan holda uyiga qaytishni istamay, Andijon shahridagi qurilish mollari do‘koniga kirib, yog‘och sopli pichoq sotib oladi va kurtkasining ichiga yashiradi. Juftlik ko‘chalarni aylanib, so‘ngra chekka hududdagi dala maydoniga boradi. Shu payt Murod egnidagi qalin kiyimini yechib, g‘o‘zapoyaga ilib qo‘yadi. Zulxumor esa egnidagi kostyumini yechib yerga tashlab, Murodga o‘girilgan holda o‘tirishni, yelkalarini uqalab qo‘yishini aytadi. Erkak o‘girilganda esa orqa biqin sohasiga ikki marta pichoq sanchadi. Shunda Murod u tomonga qayrilib, bo‘ynidan bo‘g‘ib, qo‘lidagi pichoqni olmoqchi bo‘lganida ayol chap yelka sohasiga yana bir marta pichoq urgan.

“U holsizlanib, yerga o‘tirib qoldi. Tanasidan pichoqni olib, paxtazor tomonga uloqtirdim va uni boshqa ayolga berib qo‘yishni istamaganim uchun shunday qilishga majbur bo‘lganimni aytib, undan uzr so‘radim. U esa tez yordam chaqirib, u yerdan ketishimni, bo‘lgan holatni hech kimga aytmasdan, o‘zimga tegishli bo‘lgan barcha narsalarni olib ketishimni aytdi”, — deydi sudlanuvchi o‘z ko‘rsatmasida.

Sud Zulxumor Umarovani Jinoyat kodeksining 97-moddasi 1-qismi (qasddan odam o‘ldirish) bilan aybdor deb topib, unga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi. Tayinlangan jazo umumiy tartibli koloniyalarda o‘talishi belgilandi.