Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 212 557 520 kishiga yetdi, shularning 4 441 505 nafari vafot etgan. Kasallanganlar soni bo‘yicha AQSh (35,9 million kishi), Hindiston (32,4 million), Braziliya (20,5 million), Fransiya (6,7 million) va Rossiya (6,6 million) yetakchilik qilmoqda.

Xitoyning Bojou shahridagi o‘rta maktab stadioni dezinfeksiya qilinmoqda.

Foto: Getty Images

AQShning Sent-Luis sharidagi Vashington universiteti olimlari koronavirusning turli xil variantlarini zararsizlantiradigan antitanani kashf etdi. Tadqiqot natijalari Immunity jurnalida chop etilgan shuningdek, o‘quv yurtining veb-saytida e’lon qilingan.

Tadqiqotchilar sichqonlar tanasiga retseptor-bog‘lovchi domenni — “korona”ning tikanlarida joylashgan oqsil bo‘lagini kiritdi. Keyin ular 43 ta neytrallashtiruvchi oqsilga ega antitanalar hosil qiluvchi hujayralarni ajratib oldi. Petri idishidagi tajribalar davomida olimlar bu antitanalarning SARS-CoV-2 virusiga qarshi kurashish qobiliyatini o‘rgandi.

Vazifani eng yaxshi bajargan to‘qqiztasi kemiruvchilarning tanasiga qaytadan kiritildi. Ikki neytrallashtiruvchi oqsil SARS-CoV-2 ga qarshi eng samarali ekani aniqlandi. Olimlar ularni SARS-CoV-2 ning barcha asosiy shtammlariga (alfa, beta, gamma, delta, kappa va yota) hamda boshqa potensial xavfli variantlarga qarshi sinab ko‘rdi. Oxir-oqibat, yagona antitana —SARS2-38 barcha shtammlarni zararsizlantirishga muvaffaq bo‘ldi.

Bundan tashqari, olimlar ushbu SARS2-38 antitananing virus bilan kurashishiga to‘sqinlik qilishi mumkin bo‘lgan SARS-CoV-2 mutatsiyasini aniqladi. Ammo bu mutatsiya faqat 0,04 foiz hollarda uchraydi.

AQSh razvedka xizmatlarining koronavirus paydo bo‘lishi sabablarini tekshirish natijalari haqidagi hisoboti 24-avgust kuni tayyor bo‘ladi va AQSh prezidenti Jo Baydenga topshiriladi. Hisobotning oshkor qilinmagan versiyasi ommaga bir necha kundan keyin taqdim etiladi.

“Odatda oshkor qilinmagan versiyani ommaga taqdim etish uchun bir necha kun kerak bo‘ladi. Albatta, avvaliga prezidentga aniqlangan hamma narsa haqida ma’lumot beriladi, menda (oshkor qilinmagan versiya chiqarilishining) aniq sanasi yo‘q, lekin menimcha, bu ikki kun yoki undan ko‘proq vaqt oladi”, — dedi Oq uy matbuot kotibi Jen Psaki jurnalistlarga.

Avgust oyining o‘rtalarida CNN manbalarga tayanib, Amerika razvedkasi koronavirus kelib chiqishining sabablarini ikki oydan ortiq o‘rganib chiqqanidan so‘ng, virus laboratoriyada ishlab chiqilganmi yoki tabiiy ravishda paydo bo‘lganmi, degan versiyalarda yagona to‘xtamga kela olmagani haqida xabar bergandi. Tekshiruv jarayonidan xabardor manbalardan birining ta’kidlashicha, hisobotning yangi versiyasida “g‘ayrioddiy narsa yo‘q”.

AQSh prezidenti Jo Bayden may oyining oxirida AQSh razvedka hamjamiyati COVID-19 qanday tarqala boshlagani to‘g‘risida yetarlicha aniq ma’lumotga ega emasligini aytgandi. Bayden razvedka xizmatlariga 90 kun ichida barcha mavjud ma’lumotlarni o‘rganish va unga yangi hisobot tayyorlash bo‘yicha sa’y-harakatlarni ikki baravar oshirishni buyurgan.

Emlangan aholisi ko‘p va jamoaviy immunitet yuqori bo‘lgan mamlakatlarda koronavirusning og‘ir va o‘lim bilan yakunlanuvchi holatlari sezilarli darajada kamaydi.

Moskva davlat universiteti professori, biologiya fanlari doktori, virusolog Aleksey Agranovskiyning ta’kidlashicha, bunday mamlakatlarda kasallanish holatlarining ortishiga faqat COVID-19 ning yangi va yuqumliroq shtammlari sabab bo‘lishi mumkin. Ammo, bu holatlarda ham koronavirusga qarshi emlangan bemorlar emlanmaganlarga qaraganda osonroq tuzalib ketadi.

“Jamoaviy immunitet haligacha o‘z ahamiyatini yo‘qotmagan, shuningdek, birinchi navbatda emlanmaganlarni eng samarali vaksinalar bilan emlash kerak. 60—70 foiz aholi emlab bo‘lingach, qayta emlash odatiy holga aylanadi, erishilgan jamoaviy immunitetni saqlab qolish ham zarur”, — deya qo‘shimcha qildi olim.

“Jamoaviy immunitet kasallikning tarqalishidan himoya qilmaydi, deb aytishga hojat yo‘q”, — dedi yuqumli kasalliklar bo‘yicha mutaxassis, tibbiyot fanlari doktori Nikolay Malishev. Misol tariqasida, u difteriya (bo‘g‘ma) yoki qizamiq bilan bog‘liq vaziyatni keltirdi. Malishevning so‘zlariga ko‘ra, bu kasalliklarning tarqalishiga emlash orqali chek qo‘yilgan.

“Ushbu kasalliklarga qarshi emlash olib borildi, ular ustida tadqiqotlar o‘tkazildi, yakuniy natija yaxshi bo‘ldi. Difteriya bilan bog‘liq dahshatli vaziyatga qaramay, vaksinalar uni yengishga yordam berdi. Albatta, ularning koronavirusdan farq bor, lekin o‘xshash tomonlarini ham keltirish mumkin”, — deydi mutaxassis.

O‘z navbatida, Rossiya Sog‘liqni saqlash vazirligining Ural federal okrugida profilaktika bo‘yicha bosh mustaqil mutaxassisi, tibbiyot fanlari doktori Sergey Tokarev o‘z intervyusida, jamoaviy immunitetga erishish koronavirus bilan kasallanishning ko‘payishidan himoya qilmasligini aytdi.

Tokarevning so‘zlariga ko‘ra, bu tendensiya vaqt o‘tib aholidagi immunitet himoyasi darajasining pasayishi bilan bog‘liq, shuning uchun nafaqat emlash kampaniyasini tezlashtirish, balki olti oyda qayta emlashni o‘tkazish kerak.

Avstraliyaning Yangi Janubiy Uels shtatidagi Burk grafligi hukumati bir guruh qutqaruvchi itlarni otishga qaror qildi. Hayvonlar boshpanaga yuborilishi kerak edi, lekin shimoli-g‘arbiy shtatda joylashgan Burk grafligi kengashi ko‘ngillilar koronavirus tufayli joriy qilingan izolyatsiya sharoitida butun shtat bo‘ylab harakatlanishi kerakligidan xavotirlandi.

Shuning uchun, rasmiylar itlarni hech qanday boshpanaga yubormaslikka, shunchaki ularni otib tashlashga qaror qilgan. Kengashning o‘zi va hayvonlar boshpanasi bu qarordan keyin nima bo‘lganiga izoh bermagan.

Shunisi e’tiborga loyiqki, hayvonlar boshpanasi joylashgan Kobar shahrida pandemiya boshidan beri koronavirus bilan kasallanish holatlari umuman qayd etilmagan. 4 mingga yaqin aholi foydalaniladigan kanalizatsiya suvidan virusning faqat izlari topilgan.

Shtat hukumati ham hayvonlarning taqdirini hal qilishdan o‘zini chetga olgan. Ammo bunday qotillik hayvonlar huquqlari faollarining keskin tanqidiga uchradi.“Hayvonlarni ozod qilish” hududiy kampaniyasi rahbari Liza Rayan itlarni otish yuzasidan zudlik bilan tergov o‘tkazishni talab qildi.

AQSh oziq-ovqat va farmatsevtika idorasi (FDA) Pfizer-BioNTech kompaniyasining COVID-19 ga qarshi vaksinasi to‘liq tasdiqlaganini e’lon qildi. Shunday qilib, ushbu vaksina AQShda birinchi bo‘lib to‘liq tasdiqdan o‘tdi, bundan avvalgi barcha COVID-vaksinalar tezlashtirilgan tartibda litsenziyalangan edi. Pfizer bunday litsenziyani AQShda 2020-yilning dekabr oyida olgan, o‘shandan buyon taxminan 204 million amerikalik ushbu preparat yordamida emlangan.

Pfizer’ning to‘liq ma’qullanishi unchalik ham amaliy farq hosil qilmaydi, ammo ba’zi ekspertlar vaksinaga shubha bilan qaraydigan odamlarni inyeksiya qilishga ishontirish uchun bu yordam beradi deb umid qilmoqda.

“Garchi bu va boshqa vaksinalar FDA’ning favqulodda tasdiqlash bo‘yicha qat’iy ilmiy standartlariga javob bersa-da, FDA tomonidan birinchi vaksina to‘liq tasdiqlangandan so‘ng, jamoatchilik ushbu vaksina xavfsizlik, samaradorlik va ishlab chiqarish sifati bo‘yicha yuqori standartlarga javob berishiga to‘liq ishonishi mumkin”, — dedi FDA rahbari vazifasini bajaruvchi Janet Vudkok.

Bundan tashqari, Amerika OAV yozishicha, to‘liq tasdiqlash yanada ko‘proq kompaniya va tashkilotlarda COVID-19 ga qarshi majburiy vaksinatsiya joriy etish imkonini beradi, chunki ilgari bunday choraga qarshi bo‘lganlar barcha vaksinalar tezlashtirilgan tartibda ma’qullanganini ro‘kach qilgan.