Navoiy viloyatida haydovchilik guvohnomasini olganiga 1 oy bo‘lgan yigit odam urib ketdi, deya xabar qilmoqda Navoiy YHXB axborot xizmati.

Ma’lum bo‘lishicha, do‘sti bilan PlayStation o‘ynash uchun otasiga tegishli bo‘lgan Malibu rusumli mashinada yo‘lga chiqqan yigit svetoforning taqiqlovchi chirog‘iga e’tibor bermay harakatni davom ettirgan.

Oqibatda yo‘ldan o‘tayotgan ayolni urib ketgan. Ayol shifoxonada vafot etgan.

“Kimnidir turmush o‘rtog‘isiz, kimnidir onasiz qoldirish, tirik insonni o‘limiga sababchi bo‘lish juda ham og‘ir. Ming pushaymon chekyapman. Iltimos, tezlikni oshirmanglar svetofor chiroqlariga, yo‘l qoidalariga amal qiling. Bo‘lmasa, menga o‘xshab vijdon azobida qolasiz”, – deydi haydovchi.

Voqea qachon va viloyatning qayerida sodir bo‘lgani haqida ma’lumot berilmagan.

Bundan avval Surxondaryoda haydovchilik guvohnomasi bo‘lmagan yigit boshqaruvidagi “Volga” YTHga uchragani, Surxondaryoda 22 yoshli yigit otasiga tegishli mashinada YTHga uchrab, halok bo‘lgani hamda Yuqori Chirchiq tumani hokimiga tegishli mashina urib yuborishi oqibatida 16 yoshli qiz vafot etgani haqida xabar berilgandi.