Bugun,

  • USD 11095.31
  • RUB 173.84
  • EUR 10772.44

Facebook’ning Afg‘onistondagi foydalanuvchilari uchun do‘stlar ro‘yxatini ko‘rish imkoniyati vaqtincha o‘chirildi. Bu haqda ijtimoiy tarmoqning kiberxavfsizlik siyosati rahbari Nataniel Gleyxer ma’lum qildi.

Foto: AP Photo

Foto: AP Photo

“Biz odamlarni ta’qiblardan himoya qilish maqsadida Facebook’ning Afg‘onistondagi foydalanuvchilari uchun do‘stlar ro‘yxatini ko‘rish va ularni qidirish imkoniyatini vaqtincha o‘chirib qo‘ydik”, — deb yozadi Gleyxer Twitter’da.

Ijtimoiy tarmoq vakilining so‘zlariga ko‘ra, ushbu yangilik Facebook jamoasining “Tolibon” qo‘liga o‘tgan Afg‘oniston davlatidagi abonentlarning shaxsiy ma’lumotlari xavfsizligini yaxshilash bo‘yicha olib borgan bir haftalik mehnati natijasidir.

Shuningdek, Afg‘onistondagi foydalanuvchilar Facebook’dagi o‘z sahifalarini bir amal bilan bloklay oladi. Bunday akkaunt bilan do‘st bo‘lmagan akkauntlar uning profilidagi rasmlarni yuklay ham olmaydi, ulasha ham olmaydi, shuningdek, postlarni ko‘ra olmaydi.

“Agar siz Afg‘onistondan tashqarida bo‘lsangiz, lekin bu mamlakatda do‘stlaringiz bor bo‘lsa, siz o‘zingizdagi ko‘rish sozlamalarini kuchaytirish orqali ularni himoya qilishga yordam bera olasiz”, — deb qo‘shimcha qildi Gleyxer.

Avvalroq The New York Times “Tolibon” harakati jangarilari NATO va AQSh harbiylariga yordam bergan Afg‘oniston aholisini qidirishni kuchaytirgani haqida xabar bergandi. Ta’kidlanishicha, “Tolibon”da amerikaliklar bilan hamkorlik qilganlarning ro‘yxati va manzillari bor. “Tolibon” ularni “so‘roq qilib, jazolamoqchi”. Jangarilar ushbu manzillarga borib, agar o‘z ixtiyori bilan taslim bo‘lmasa, qidiruvdagilarning qarindoshlarini hibsga olish va o‘ldirish bilan tahdid qilmoqda.

Izoh
Asosiy yangiliklar
Iqtisodiyot
O‘zbekistonda 2035-yilga borib aholi 45 milliondan oshishi kutilyapti — PMTI
Dunyo
Afg‘onistonda yuqori martabali amaldorlar “Tolibon” yetakchisini taxtdan ag‘darmoqchi 
Mahalliy
“Prava”ni yangisiga almashtirib beradigan onlayn xizmat faoliyatida nosozlik kuzatilmoqda