Bugun,

  • USD 11014.01
  • RUB 191.8
  • EUR 10674.78

Tokio—2020 Olimpiadasida og‘ir atletika bo‘yicha -55 kg vazn toifasida O‘zbekiston sharafini himoya qilgan Muattar Nabiyeva ikki kurash bahslariga ko‘ra umumiy hisobda 212 kg og‘irlikni o‘ziga bo‘ysundirib, 4-o‘rinni egalladi. Shu bilan Nabiyeva Olimpiadadagi o‘z ishtirokini yakunladi. Biroq Muattar Nabiyeva dast ko‘tarishda 98 kg og‘irlikni ko‘tarib, Olimpiada rekordini o‘rnatdi.

“Daryo” muxbiri Muattarning xonadonida bo‘lib, uning otasi Abdulla Iminov bilan suhbatlashdi. Abdulla Iminovning aytishicha, Muattar kasbini davom ettirayotgan yagona farzandi hisoblanadi.

“Bolalikdan sportga qiziqishim katta bo‘lgan. Sho‘x bo‘lganim uchun maktabga kirar-kirmasimdan uydagilar meni turli sport to‘garaklariga jalb qilgan. Kimdir shu narsani qilolmaysan desa, o‘shani bajarmagunimcha qo‘ymasdim. Mana bu yerdan sakray olmaysan, senga raqib bor ekan desa, o‘zimni qo‘yarga joy topolmasdim. O‘sha odamni yutishga harakat qilardim. Sportzalning o‘rtasidan tortilgan to‘rning ustidan sakrashga urinardim. Yugurishda menga teng keladigani topilmasdi. Jismoniy tarbiya bo‘yicha birinchi o‘rinda turardim. Sport o‘qituvchilarim atayin o‘rin olish uchun tuman, viloyat musobaqalariga olib borardi. Sportsiz hayotimni tasavvur qilolmasdim. 10-sinfni bitirganimdan keyin hech qayerga o‘qishga topshirmadim, aniqrog‘i harakat ham qilmadim. O‘sha vaqtlarda sharoitimiz shuni taqozo qilardi. Shunda ustozlarim tumandagi ‘Paxtakor’ ko‘ngillilar qishloq sporti jamiyatiga instruktorlikka ishga kirishimni tavsiya qildi. Taqdir taqozosi bilan ushbu jamiyatga ishga kirib, 10 yildan ortiq instruktor bo‘lib ishladim. 1990—1992-yillar davomida o‘tkazilgan konferensiya natijasi bilan ‘Paxtakor’ ko‘ngilli sport jamiyatiga raislik qildim. O‘sha paytlarda Toshkent davlat jismoniy tarbiya institutiga kirib, sirtdan tahsil oldim. 1993-yildan buyon tumandagi Bolalar va o‘smirlar sport maktabida voleybol bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazmoqdaman. Ko‘rib turganingizdek, Muattarning sportga bo‘lgan ishtiyoqi mendan o‘tgan desam yanglishmayman”, — deydi Abdulla Iminov.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Abdulla akaning ta’kidlashicha, turmush o‘rtog‘i bilan birga besh nafar farzandni tarbiyalab kelmoqda. Ulardan to‘rt nafari qiz bo‘lsa, bir nafari o‘g‘il. To‘ng‘ich farzandlarning barchasi qiz, eng kenjasi o‘g‘il. Muattar qizlarning to‘rtinchisi.

“1983-yili oila qurdim. Bir yil o‘tib to‘ng‘ich qizim tug‘ildi. 1986 va 1988-yillarda yana qizli bo‘lish nasib qildi. Odamlar qiz ko‘payib ketmadimi, degan pichinglar qildi. Men esa o‘nta bo‘lsa ham o‘g‘il ko‘rmagunimcha tug‘ilaveradi deganman. Sakkiz yillik tanaffusdan so‘ng 1996-yilda Muattar tug‘ildi. O‘zimni oqlash emas-ku, har qanday erkakning ko‘nglidan bir marta bo‘lsa-da ‘yana qizmi?’ degan gap o‘tarkan. Menda ham shunday bo‘ldi. Lekin o‘zimga kelib, tirnoqqa zor qilmagani uchun shukur dedim. Ertasiga katta eshikka kirganimda kattalar suyunchini berib, tezda tug‘ruqxonaga bor, hali rohatini ko‘rasan, deb ko‘nglimni ko‘targan.

Shu yerda Muattar bilan bog‘liq bir sirni aytib o‘tishim kerak. Bir qadrdon o‘rtog‘im bor edi, u bilan juda yaqin edik. Turmush o‘rtog‘i bilan bir necha yil yashagan bo‘lsa-da, farzandsizlik ularni qiynardi. Uning bir qarindoshi ajrashib kelgan ekan, bolasini olib kelib boqib oldi. Lekin bir haftadan keyin janjal qilib, farzandini olib ketib qoldi. Bo‘lgan voqealardan o‘rtog‘im tushkunlikka tushgandi. Men yelkasiga qoqib, ‘do‘stim, mana meni 4 qizim bor, eng kichkinasi sizniki’, deganman. O‘shanda Muattarni nazarda tutgandim. Ular bolani olib ketguncha oradan 15 kun vaqt o‘tdi. Bir payt do‘stim xursand kirib keldi. ‘Olib ketgani kelyapsanmi?’ desam, uzoq kutilgan onlardan keyin ayoli homilador bo‘lganini aytdi. Har gal chempion bo‘lganida shularni o‘ylayman. Olimpiya rekordini yangilagan paytda ham ortga bir nazar tashladim. Agar taqdir taqozosi bilan uni do‘stimga berib yuborganimda qizim balki bu natijalarga erishmasdi”, — deydi Muattarning dadasi.

Muattar bolaligida sariq kasallik bilan og‘riganligi uchun uni juda avaylashgan. Biroq maktabni bitirish arafasida Muattarda ichki ishlar organlariga ishga kirish ishtiyoqi paydo bo‘lgan. Uning niyatini payqagan Abdulla aka buning uchun sport bilan shug‘ullanish zarurligini bildirgan va qo‘l jangi san’ati mashg‘ulotlariga yuborgan.

“Boshlang‘ich sinflarda o‘qiyotgan paytda uyimizning oldidan o‘tib ketayotsam, Muattar dugonalariga karate usullarini ko‘rsatayotgan ekan. Shuni ko‘rib qolib, sportga qiziqishi bor shekilli deb o‘yladim. Lekin birorta sport to‘garaklariga yubormadim. 9-sinfga o‘tayotganida voleybol bilan shug‘ullandi. Maktabni bitirib, Baliqchi transport kollejiga o‘qishga kirdi. ‘Dada, kollejni bitirib, ‘GAI’ga ishga kirmoqchiman’, dedi. Shundan keyin u qandaydir jang san’ati bilan shug‘ulanishi kerakligini tushundim. O‘qish boshlangan dastlabki kunlardan birida ‘Dada, o‘qishimizda o‘zbek qo‘l jangi san’ati bo‘yicha to‘garak ochilyapti ekan. Shunga borsam bo‘ladimi?’ deb keldi. Ko‘nglini cho‘ktirmaslik uchun oylik to‘lovini beraman, boraver dedim. Mashg‘ulotlarga borishni boshladi. Bir oy o‘tmasdan paxtaga ketdi. Qaytgach, yana bir yarim oycha mashg‘ulot o‘tkazdi. Keyin belbog‘ga topshiramiz ekan deb keldi. Sharoitim ko‘tarmasdi, yordam berolmadim. Orada tuman, viloyat musobaqalari o‘tkazildi. Ularga ham imkoniyatim yetmadi. Shunday qilib mening aybim bilan uchta musobaqada qatnasha olmay qolib ketdi. Bir kun kechga yaqin O‘zbekiston chempionati bo‘larkan dedi. Uyda pul qolmagan, nima qilishimni bilmay o‘ylandim. Shu kungacha uch marta qaytardim, agar hozir yo‘q desam, bolaning sazasi o‘ladi deb, xarajatini so‘radim. Yo‘l kira, oziq-ovqat barchasiga 200 ming ekan. Kech bo‘lsa-da qo‘shninikiga chiqib, oylik tushishi bilan qaytarishga va’da berib, qarz olib chiqdim. Ertasiga duo qilib jo‘natdim. Musobaqa o‘tkaziladigan kuni uy ishlari bilan band edim. Bir payt chempion bo‘lganini aytib telefon qildi. To‘g‘risi yig‘lab yubordim. Uch oy shug‘ullandi, keyin murabbiyi kelmay qo‘ydi, mashg‘ulotlar to‘xtadi”, — deydi Abdulla Iminov.

Foto: “Daryo”

Foto: “Daryo”

Abdulla akaning aytishicha, turli qarshiliklar bo‘lishiga qaramasdan Muattarga og‘ir atletika bilan shug‘ullanishni o‘zi tavsiya qilgan.

“O‘zbek jang san’ati bo‘yicha mashg‘ulotlar to‘xtagandan keyin uni boshqa birorta sport turiga berish lozim bo‘lib qoldi. Uzoq o‘ylanishlardan keyin 2013-yilning aprel oyida og‘ir atletika bo‘yicha to‘garakka qizimni olib bordim. Avvaliga onasi bunga rozi bo‘lmagan, chunki yoshligida gepatit bo‘lgandi. Turli giyohlar iste’mol qilib, davolanib, mana ko‘rmaganday bo‘lib ketdi. Bundan tashqari qarindoshlar va tanishlar tosh ko‘tarish qiz bolaga to‘g‘ri kelmaydi, deb ko‘p gapirgan. Lekin o‘zim sportning ichida yurganligim uchun bularga e’tibor qilmaganman. Og‘ir atletikada uch oy tayyorlanib, ilk musobaqada qatnashgan. O‘shanda farg‘onalik Marina Sesoyevaga yutqazib, 2-o‘rinni oldi. Yana ikki marta musobaqada ishtirok etib, 2-o‘rinni olib kelaverdi.

2015-yilning oxirlarida Chirchiqda O‘zbekiston chempionati o‘tkazildi, o‘zim ham birga bordim. Chempionatda 81 kg og‘irlikdagi, ya’ni xalqaro toifadagi vaznni ko‘tarib qo‘ydi. O‘shanda Ivanov degan sport ustasi o‘rnidan turib ketib, yana 4 kg qo‘shsin dedi. Uning talabi bilan 85 kilogrammni ko‘tarib, O‘zbekiston terma jamoasiga kirdi. Mana olti yildirki terma jamoa a’zosi hisoblanadi. Bilasizmi, bugunga qadar erishilgan g‘alabalarning ortida qancha mehnat, mashaqqat bor. Sportda yozilgan-yozilmagan qonunlarni esa doston qilish shart emas. Qiz bola ko‘proq onasi bilan sirdosh bo‘ladi. Shuning uchun ham gohida onasiga qiynalib ketyapman, sportni tashlayman degan kunlari ham bo‘lgan ekan. Biroq menga biror marta sportdan ketaman degan gapni gapirmagan. Yaqinda bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston chempionatida qo‘llari shilinib ketibdi. Qo‘llarini ko‘rib, onasi ham, men ham yig‘ladik. Sakkiz yil davomida ilk bor o‘shanda menga boshqacha ta’sir qildi. Doim musobaqaga ketayotganda medal bilan qaytasan deb duo qilaman. Meni qancha tanishlarim bor, hammasi qarab turadi shuni o‘ylab qo‘ygin deyman. Shu kunga qadar ishonchimni oqlab kelyapti. Qizim Olimpiya o‘yinlari chempioni bo‘lmagandir, lekin Olimpiya rekordini o‘rnatib, tarixda qoldi. Men u bilan hamisha faxrlanaman”, — deydi Abdulla Iminov.

“Daryo” muxbirining ta’kidlashicha, suhbat davomida Muattar telefon orqali yaqinlari bilan suhbatlashgan. Operator Elyorbek Mamajonov ushbu hayajonli damlarni kameraga muhrlagan.

Yanada ko‘proq futbol va sport yangiliklaridan boxabar bo‘lishni istasangiz, “Daryo”ning Telegram’dagi rasmiy sport kanali — @Daryo_Sport24’ga obuna bo‘ling!

Izoh
Asosiy yangiliklar
Sport
Fransiyaning bir nechta shaharlari JCH—2022 ga boykot e’lon qildi
Dunyo
Lukashenko: “Biz Ukrainadagi maxsus operatsiyada qatnashyapmiz, lekin hech kimni o‘ldirmayapmiz”
Mahalliy
O‘zbekistonda dollarning rasmiy kursi ko‘tarildi