Toshkentning Chilonzor tumanida harakatlanayotgan Hyundai Sonata’da yong‘in chiqdi. Bu haqda YHXBB matbuot xizmati xabar berdi.
Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 5-avgust kuni soat 16:10 larda haydovchi Hyundai Sonata rusumli avtomobilda KHAY ko‘chasida harakatlanayotib, ushbu ko‘chada joylashgan “Afruz” to‘yxonasi ro‘parasiga yetgan vaqtda transport vositasining dvigatel qismida yong‘in yuzaga kelgan va avtomobilni to‘xtatgan.
FVV matbuot xizmatining ma’lum qilishicha, yong‘in haqidagi xabar Toshkent shahar FVBga soat 16:10 kelib tushgan. Xabarga ko‘ra 2 ta yong‘in-qutqaruv ekipaji soat 16:16 da voqea joyiga yetib borgan va yong‘in soat 16:21 da to‘liq bartaraf etilgan.
Hodisa oqibatida halok bo‘lgan va jabrlanganlar yo‘q. Hozirda yong‘in sababi va keltirilgan zarar miqdori aniqlanmoqda. Hodisa yuzasidan hududiy FVB va YHXB xodimlari tomonidan surishtiruv olib borilmoqda.
Qayd etish joizki, so‘nggi kunlarda avtomobilda yong‘in chiqishi holatlari ko‘p uchramoqda. 30-iyul kuni Qarshida harakatlanib ketayotgan Nexia, 31-iyul kuni Toshkentda YTHga uchrab ag‘darilgan Lada Samara, 1-avgust kuni Jizzaxdagi zapravkada “Jiguli”, 3-avgust kuni Samarqandda to‘xtab turgan Captiva yonib ketgandi.
Izoh (0)