Turkiyaning bir nechta viloyati o‘rmon yong‘inlari tufayli falokat hududlari deb e’lon qilindi. Bu haqda mamlakat prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘on Twitter’dagi sahifasida ma’lum qilgan. Gap Antaliya, Adana, Mersin, Mugla va Usmoniya haqida bormoqda.

Foto: Reuters

“Mamlakatimiz jarohatlarini davolash va zarar o‘rnini qoplash uchun barcha zarur chora-tadbirlarni amalga oshirishda davom etamiz”, — deya yozgan Erdo‘g‘on.

Antaliyadagi o‘rmon yong‘inlari saraton va quruq iqlim tufayli 28-iyulda boshlangan. Olov viloyatdagi qishloq xo‘jaligi maydonlari va aholi turar joylariga ham yetib kelgan. Turistlarning ekskursiyalari vaqtincha to‘xtatilgan, ayrim hududlarda aholi xavfsiz joyga evakuatsiya qilingan.

Ma’lum vaqt o‘tgach o‘rmon yong‘inlari mamlakatning boshqa kurort shaharlariga ham yetib bordi, jumladan Marmaris va Bodrum olovdan zarar ko‘rdi. Marmaris ma’muriyati mahalliy aholi hamda mehmonxonalarda hordiq chiqarayotgan turistlarni evakuatsiya qilishga qaror qildi. Bodrumda esa o‘rmon xo‘jaligining Muglin hududiy boshqarmasi yong‘in o‘chirish guruhlari favqulodda holat sodir bo‘layotgan joylarga yuborilgan.

O‘rmon va qishloq xo‘jaligi vaziri Bekir Pakdemirligining aytishicha, 28-iyuldan 31-iyulgacha bo‘lgan oraliqda mamlakat hududida jami 98 ta o‘rmon yong‘ini kuzatilgan, ularning aksar qismi Adana va Antaliyada sodir bo‘lgan. Yong‘inlarning 88 tasi bartaraf etilgan.

Erdo‘g‘on administratsiyasi vakili Ibrohim Kalin o‘rmon yong‘inlarini Turkiya uchun milliy falokat deb atagan. Shuningdek, u o‘rmon yong‘inlarining kelib chiqish sabablari prokuratura tomonidan taftish qilinayotganini bildirgan.