Ma’lumki, bugun Yer yuzi aholisini jiddiy tashvishga solayotgan xavf — koronavirus pandemiyasi tufayli kutilmaganda hayot tarzimiz va odatlarimiz o‘zgarib, yangi talab va shartlar asosida yashashga o‘rganishga to‘g‘ri keldi. Hozirda har bir harakat va ishda epidemilogik talablarga so‘zsiz amal qilish zarurligini yaxshi anglamoqdamiz. Xalqimizda oyning o‘n beshi qorong‘u bo‘lsa, o‘n beshi yorug‘, degan naql bor. Shunday ekan, biz, albatta, bu ofatni yengib o‘tamiz. Faqat barchamiz bu yo‘lda yanada jipslashib, har tomonlama tartib-intizomga rioya qilishga odatlanishimiz kerak.
Bilamizki, o‘tgan 2020-yilda kuchli karantin cheklovlariga qaramasdan, “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ jamoasi belgilangan vazifalar ijrosini ta’minlashda chinakkam fidoyilik namunasini ko‘rsatdi. Shunday murakkab vaziyatda ular xalq va sanoat korxonalari uchun barqaror elektr energiyasini yetkazib berish, karantin zonalari va shifoxonalarda bu borada hech qanday muammo bo‘lmasligi yo‘lida bor kuch va salohiyatini ayamadi.
Bugun 25 000 dan ortiq ishchi xodim mehnat qilayotgan barcha tarkibiy korxonalarimizda xodimlarning salomatligini asrash, sanitariya normalariga qat’iy rioya etgan holda faoliyat yuritishga alohida e’tibor qaratilmoqda. Afsuski, bizning xodimlarimizni ham bu kasallik chetlab o‘tmadi. Oramizda bu dardga chalinib, shifoxonalarda davolanganlar ham bo‘ldi.
Barqaror elektr energiyasini yetkazib berish hamda iste’molchilarga xizmat ko‘rsatish uchun, avvalo, xodimlarimiz sog‘lom bo‘lmog‘i darkor. Shu ma’noda jamiyat korxonalarida karantin choralariga qat’iy amal qilinib kelinmoqda. Jumladan, niqob taqish, antiseptik vositalardan keng foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash hamda shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilinishi alohida nazoratga olingan.
Aytish lozimki, hozirda dunyoning farmatsevtika sanoati rivojlangan mamlakatlar olimlari tomonidan koronavirus infeksiyasini yengish va pandemiyani to‘xtatish uchun barcha chora-tadbirlar ishga solinmoqda. Xususan, ushbu ofatga qarshi samarali kurashish vositasi sifatida qator vaksinalar yaratildiki, ularning insoniyat salomatligini asrashdagi ahamiyatini inkor etib bo‘lmaydi.
Prezident tashabbusi bilan xalq salomatligini asrash, ularni bu kasallikdan himoya qilish maqsadida xorijdan zarur vaksinalar yetkazib berilishi ta’minlanib, yurtdoshlar bepul emlanmoqda. Yaratib berilayotgan mana shunday imkoniyatdan foydalanmaslik nafaqat o‘zimiz, balki yaqinlarimiz salomatligini ham jiddiy xavf ostiga qo‘yadi. Afsuski, emlanishga ana shunday bepisand munosabatda bo‘lgan va bugun shifoxonalarda reanimatsiya bo‘limida havo yetishmasligi va nafas qisishidan qattiq azob chekayotgan bemorlarning ahvolini ko‘rish juda ayanchli.
Bunday ko‘ngilsiz holatlarni oldini olish hamda koronavirus infeksiyasidan himoyalanish chorasi sifatida barcha fuqarolarimizni, jumladan, jamiyat xodimlarini virusga qarshi vaksina bilan himoyalanishga chorlab qolaman. Har biringizning hayotingiz men uchun qadrli. Zero, pandemiyani faqat vaksinatsiya bilangina to‘xtata olamiz.
“Hududiy elektr tarmoqlari” matbuot xizmati
Izoh (0)