Jons Hopkins universiteti ma’lumotlariga ko‘ra, dunyoda koronavirusga chalinganlar soni 195 392 725 kishiga yetdi, shularning 4 178 439 nafari vafot etdi. Kasallanish holatlarining ko‘pligi bo‘yicha AQSh (34,6 million), Hindiston (31,4 million), Braziliya (19,7 million), Rossiya (6,1 million) va Fransiya (6 million) yetakchilik qilmoqda.

Foto: Reuters

Gruziyada pandemiya boshidan buyon eng og‘ir vaziyat kuzatilmoqda

Gruziya Mehnat, sog‘liqni saqlash va aholini ijtimoiy muhofaza qilish vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, 26—27 iyul kunlari mamlakatda SARS CoV-2 virusini yuqtirish bo‘yicha 3666 ta holat qayd etildi. Bu butun epidemiya davridagi rekord ko‘rsatkich.

So‘nggi ikki-uch haftada, kunlik kasallanishlar soni 2000 kishidan pasaymagan. Natijada rasmiylar epidemiyaning “to‘rtinchi to‘lqini” yuz berishi mumkinligi haqida gapirgan. Epidemiya bilan bog‘liq vaziyatning asosiy ko‘rsatkichi hisoblanuvchi COVID-testidagi ijobiy natijalar darajasi — 8,68 foizgacha yetdi. Bu dunyodagi eng yomon ko‘rsatkichlardan biridir. Aynan shu asosiy ko‘rsatkichga muvofiq, Isroil, shuningdek, bir qator Yevropa davlatlari Gruziyani “qizil hudud”ga kiritib, ushbu mamlakat bilan har ikkala yo‘nalishdagi tashriflarni taqiqladi.

Koronavirusning tez tarqalishi yetakchi epidemiologlarni favqulodda holatlar to‘g‘risida bayonot berishga undadi. Kasalliklarni nazorat qilish milliy markazi direktori, professor Amiran Gamkrelidze maxsus brifingda barcha kasalxonalar va boshqa tibbiyot muassasalari favqulodda rejimga o‘tayotganini ma’lum qildi. Xususan, ular rejalashtirilgan operatsiyalar va boshqa tibbiy xizmat turlariga bemor qabul qilishni to‘xtatadi. Gamkrelidzening so‘zlariga ko‘ra, yangi yuqtirish holatlarining qariyb yarmi “britancha” va “hindcha” shtammlarga to‘g‘ri kelmoqda.

Gruziyaning bosh epidemiologi Paata Imnadze bunday o‘sishning sababi sifatida gruziyaliklarning niqob taqish, ommaviy ziyofatlardan voz kechish kabi boshlang‘ich me’yorlarga rioya qilmayotganini ko‘rsatdi.

Bundan tashqari, Imnadze Pfizer va AstraZeneca singari g‘arb vaksinalarini kutib, mamlakatda mavjud Xitoyning Sinopharm va Sinovac vaksinalari bilan emlanishni istamayotgan kishilarni tanqid qildi. “Bir nechta yaxshi vaksinalar orasidan birini tanlashga urinayotganlar vaksinaga qarshi kishilardan ham yomonroqdir”, — dedi Imnadze.

Ikkala epidemiologning ham bir ovozdan ogohlantirishicha, agar testlarning ijobiy natijalari soni kuniga 3-4 ming bo‘lib qolaversa, “cheklovlarni tiklash muqarrar bo'ladi”. Biroq, yaqinda Bosh vazir Irakliy Garibashvili epidemiya bilan bog‘liq og‘ir vaziyat haqida gapirganda, yangi lokdaunga mamlakat dosh berolmasligini tan olgandi.

Isroilda bolalarni besh yoshdan emlashga ruxsat berildi

Isroil Sog‘liqni saqlash vazirligi tibbiyot muassasalariga besh yoshdan 11 yoshgacha bo‘lgan bolalarni koronavirusga qarshi emlash uchun ruxsat berdi. Ammo ularni faqat COVID-19’ning og‘ir shakli bilan kasallanish yoki virus tufayli o‘lim xavfi mavjud bo‘lgan taqdirdagina emlash mumkin.

“Vaksinatsiyani alohida-alohida ko‘rib chiqadigan muayyan holatlar mavjud”, — deyiladi Sog‘liqni saqlash vazirligida.

Vazirlikdagilarning ta’kidlashicha, ular faqat shifokorlarga tavsiyalar bergan, ammo mahalliy shifokorlar har bir alohida holatda bolani emlash masalasini mustaqil hal qilishi lozim.

Isroilda ommaviy vaksinatsiya 2020-yilning 20-dekabrida boshlangan. Mamlakat Sog‘liqni saqlash vazirligining ma’lumotlariga ko‘ra, bugungi kunga kelib 5,767 million kishi (aholining 60 foizdan ko‘prog‘i) koronavirusga qarshi vaksinaning birinchi dozasini, 5,32 million kishi (56 foiz) har ikkala dozasini olgan. Isroilda iyun oyida 12-15 yoshdagi o‘smirlarni emlash boshlangandi.

Irlandiyada tez orada 12-15 yoshli bolalarni koronavirusiga qarshi emlash boshlanadi

27-iyuldan mamlakatda 16-17 yoshli o‘smirlarga vaksinatsiya uchun ro‘yxatdan o‘tishga ruxsat berilgandi. 12—15 yosh toifasidagilarni emlashni boshlash sanasi keyinroq e’lon qilinadi.

Irlandiya Sog‘liqni saqlash vazirligi rahbarining ta’kidlashicha, bolalarning ota-onalari vaksinatsiya va undan so‘ng yuzaga kelishi mumkin bo‘lgan nojo‘ya ta’sirlar to‘g‘risida to‘liq ma’lumot oladi, shuningdek, ular emlashdan oldin “maqbul qaror qabul qilish uchun” shifokor maslahatini olishi mumkin bo‘ladi.

Irlandiyada o‘smirlar Amerikaning Pfizer va Moderna vaksinalari bilan emlanadi. Ushbu preparatlar Yevropa Dori-darmon Agentligi (EMA) tomonidan 18 yoshgacha bo‘lganlarni emlashda foydalanish uchun tasdiqlangan yagona vaksinalardir. Vaksinatsiya bolalarning ota-onalari yoki ularning vasiylari huzurida amalga oshiriladi. Mamlakat rasmiylari o‘quv yilining boshiga qadar 250 mingdan ortiq maktab o‘quvchisini emlashni rejalashtirmoqda.

Shuningdek:

  • Shvetsiyalik ekologiya faoli Greta Tunberg COVID-19’ga qarshi emlandi. Bu haqda faolning o‘zi Twitter’da ma’lum qilgan. U preparatning birinchi komponentini olgan, ammo qaysi preparat bilan emlanganini aytmagan. Ta’kidlash joizki, Shvetsiyada koronavirusga qarshi quyidagi vaksinalar tasdiqlangan: Moderna, AstraZeneca, Pfizer / BioNTech. Greta dunyoning vaksina olish imkoniyatiga ega qismida yashayotganidan minnatdor ekanini bildirib, dunyo bo‘ylab vaksinalarning tarqalishi juda notekis ekanini qo‘shimcha qilgan. The New York Times gazetasining statistik ma’lumotlariga ko‘ra, dunyodagi koronavirusga qarshi vaksinalarning 84 foizi yuqori va o‘rta yuqori daromadli mamlakatlarda ishlatilgan.
  • Kuvayt hukumati 1-avgustdan faqat COVID-19’ga qarshi emlangan fuqarolarga mamlakat tashqarisiga chiqishga ruxsat berilishini e’lon qildi. Shuningdek, fuqarolar Kuvaytda tasdiqlangan vaksinalardan biri bilan emlangan bo‘lishi lozim. Ushbu talablar 16 yoshgacha bo‘lgan bolalarga, Sog‘liqni saqlash vazirligining emlash mumkin emasligi to‘g‘risidagi guvohnomasiga ega bo‘lgan shaxslarga, shuningdek homilador ayollarga taalluqli emas. Bundan tashqari, Kuvaytga keluvchilarning barchasi reysga chiqishdan oldin COVID-19 testidan o‘tishi va o‘zida hech qanday simptomlar yo‘qligiga ishonch hosil qilishi tavsiya etildi. COVID-test natijasi salbiy chiqmagan kishilar yetti kunlik karantindan o‘tishi kerak bo‘ladi.