Yerga yaqinlashayotgan yirik asteroid va kometalarning atigi 40 foizi olimlar tomonidan aniqlashtirilgan. Bu haqda Birlashgan Millatlar Tashkiloti (BMT)ning Koinotdan tinch maqsadlarda foydalanish bo‘yicha qo‘mitasi tarkibidagi ilmiy-texnik kichik qo‘mita hisobotida aytilgan, deb yozadi “RBK”.

Foto: Shutterstock

“2020-yilda 40 dan ortiq mamlakatdagi astronomik rasadxonalar 39,5 millionga yaqin asteroid va kometalarni kuzatish bo‘yicha qaydlarni to‘pladi”, — deyiladi hisobotda.

O‘shanda Yerga rekord miqdorda — 2959 ta obyekt yaqinlashayotgani aniqlangan. 2021-yil 17-aprel holatiga ko‘ra olimlarga hammasi bo‘lib 25 647 ga yaqin shunday obyektlar ma’lum bo‘lgan. Shu bilan birga, ro‘yxatga olingan 2180 ta asteroid Yer orbitasidan 8 million kilometrdan oshmaydigan uzoqlikda uchib o‘tadi.

“Kichik qo‘mita, shuningdek, ushbu raqamlar katta bo‘lishiga qaramay, Yerga yaqinlashayotgan obyektlarning atigi 40 foizigina aniqlashtirilganini ta’kidladi”.— deyiladi hisobotda.

Mart oyida NASA yaqin 100 yil ichida Yerning asteroidlar bilan to‘qnashish xavfi qay darajadaligini baholagandi. Unga ko‘ra, yaqin yuz yil ichida Yerning asteroidlar bilan to‘qnashish xavfi mavjud emas.

Agentlik mutaxassislari 2004-yilda kashf etilgan Yer uchun eng xavfli Apofis asteroidi yaqin yuz yilda hech qanday xatar olib kelmasligini aniqladi.

Asteroidni kashf etgan olimlar uning 2029-yilda Yer bilan to‘qnashishi mumkinligini da’vo qilgan edi. Biroz o‘tib ular asteroid 2029-yil 13-aprelda Yerning markazidan 37,6 ming km uzoqlikda uchib o‘tishini hisoblab chiqib, to‘qnashuv ehtimolini rad etdi. Keyinchalik olimlar 2036-yilda ham Apofisning Yer bilan to‘qnashishi xavfini istisno qildi.

25-iyun kuni Yerga kattaligi ikkita Tojmahaldek keladigan asteroid yaqinlashayotgani, 1-iyun kuni Eyfel minorasi kattaligidagi asteroid Yer yaqinidan uchib o‘tishi haqida xabar berilgandi.