Yaponiyalik maktab o‘quvchisi otasi tomonidan maydalab yuborilgan 10 ming iyena (65 dollar)lik qog‘oz pulni tikladi. Buning uddasidan chiqish uchun o‘smirga 3 hafta kerak bo‘ldi. Voqea bilan o‘quvchi o‘zining X tarmog‘i sahifasida bo‘lishdi, deb yozadi “Pravila jizni” nashri.
Tomo ismli bolaning aytishicha, uning otasi pul solingan konvertni tasodifan qog‘oz maydalagichdan o‘tkazib yuborgan. Ota pulni tashlab yuborishni istamagan va o‘g‘liga banknotani tiklashni taklif qilgan. Agar Tomo ushbu vazifaning uddasidan chiqsa, pul unga qolishini va’da bergan.
O‘quvchi fevral oyining boshida maydalangan qog‘oz va banknotalarni bir-biridan ajratishga kirishdi. Namuna sifatida u yana bir 10 ming iyena banknotani shaffof plastik tagiga o‘rnatib, ustidan qog‘oz bo‘laklarini yig‘a boshladi. Shunga qaramay, har bir parcha qog‘oz pulning aynan qaysi qismi ekanligini bilish murakkab edi. Jumboqni yakunlashga bola 3 hafta vaqt sarf qildi.
21-mart kuni Tomo qisman tiklangan banknota rasmi bilan tarmoqda bo‘lishdi. Afsuski, pulning ko‘p qismi yetishmayotgan edi. Biroq Yaponiya banklari nizomiga ko‘ra, agar banknotaning uchdan ikki qismi saqlanib qolsa, uni yangisiga almashtirish mumkin. Asosiysi, maxsus identifikatsiya raqami o‘qilishi shart.
Mart oyining oxirida Tomo va nihoyat pulni bankka topshirdi va yangisiga almashtirishga muvaffaq bo‘ldi. X tarmog‘idagi izohlarda foydalanuvchilar fikri ikkiga bo‘lindi: kimdir bolakayning sabri va mehnatini maqtasa, boshqalar bunday ishlarga behuda vaqt ketkazgan, deya bolani aybladi. Shunday bo‘lsa-da, Tomo o‘z maqsadiga erishdi va pulni o‘zi bilan olib qoldi.
Izoh (0)