Tokio—2020 Olimpiadasining ochilish marosimi 23-iyul, juma kuni bo‘lib o‘tadi.
O‘zbekiston delegatsiyasining bayroqdorlari taekvondochi Nigora Tursunqulova va bokschi Bahodir Jalolov bo‘ladi. Bu haqda Milliy Olimpiya qo‘mitasi (MOQ) bosh kotibi Oybek Qosimov ma’lum qildi.
Avvalroq MOQ Tokiodagi Olimpiya o‘yinlarida O‘zbekistonning bayroqdorlari gimnastikachi Oksana Chusovitina va bokschi Bobousmon Boturov bo‘lishi haqida ma’lum qilgandi. Biroq ochilish marosimiga bir kun qolganda bayroqdorlar o‘zgargan.
Oybek Qosimov buni quyidagicha izohladi: “XOQ tavsiyasiga ko‘ra, har bir davlatdan bir ayol va bir erkak nomdor sportchi bayroqdor bo‘ladi. O‘zbekiston bayroqdorlarini tanlashda avvalambor har bir sport turi bo‘yicha musobaqalar jadvali, qolaversa barcha delegatlar va sportchilarning fikrini inobatga olgan holda, bu vazifa bokschi Bahodir Jalolov va taekvondochi Nigora Tursunqulovaga ishonib topshirildi”.
Olimpiya o‘yinlari 8-avgustga qadar davom etadi. O‘zbekiston delegatsiyasi 17 ta sport turi bo‘yicha 65 ta yo‘llanmaga ega bo‘lgan. O‘zbekistonlik sportchilar 24-iyuldan o‘z ishtirokini boshlaydi.
Eslatib o‘tamiz, Bahodir Jalolov Rio—2016 Olimpiadasida ham O‘zbekiston bayroqdori bo‘lgandi.
Izoh (0)