Buxoro viloyati G‘ijduvon tumanida o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilib, fuqarodan pul talab qilgan shaxslar ushlandi, deya xabar qilmoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

G‘ijduvon tumani “Paxtaobod” mahallasida yashovchi Toshkent davlat agrar universitetining 24 yoshli 4-bosqich talabasi I.O. va Samarqand viloyati Narpay tumani “Toshrabod” mahallasida yashovchi TATUning 21 yoshli 3-bosqich talabasi U.Sh. bilan birgalikda Q.J.ga uni Buxoro davlat universitetining iqtisod fakultetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan.

Ular buning evaziga Q.J.dan 60 million so‘m so‘rab, pullarni firibgarlik yo‘li bilan olayotgan vaqtda qo‘lga olindi.

Mazkur holat yuzasidan I.O. va U.Sh.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) 2-qismi “a” bandi bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Surxondaryoda talabalarni 5,4 million so‘mga chuv tushirib ketgan shaxsga nisbatan jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, Toshkentda fuqaroni Jismoniy tarbiya universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 7 ming dollar so‘ragan o‘qituvchi qo‘lga olingani hamda Surxondaryoda talabaning o‘qishini Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘chirib berish uchun 15,6 million so‘m va 300 dollar so‘ragan shaxs ushlangani haqida xabar berilgandi.