Toshkent viloyati va shahrida O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgan shaxslar ushlandi, deb xabar beradi Bosh prokuratura huzuridagi departament.

Foto: Bosh prokuratura huzuridagi departament

Ma’lum qilinishicha, Bosh prokuratura huzuridagi departamentning Chinoz tumani bo‘limi tomonidan tezkor tadbir o‘tkazilgan. Tadbirda O‘zbekiston Davlat jismoniy tarbiya va sport universiteti o‘rganuvchi-o‘qituvchisi I.B. fuqaro R.ni 7 ming dollar evaziga yuqori lavozimida ishlovchi tanishlari orqali ushbu universitetga o‘qishga kiritib qo‘yishga va’da bergani aniqlangan. Buning evaziga u oldindan 3,5 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan qo‘lga olingan.

Shuningdek, departament hamda DXXning Uchtepa tumani bo‘limlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbirda Toshkent davlat agrar universiteti sport klubi murabbiyi S.A. va boshqalar oldindan til biriktirib, fuqaro Sh.ni O‘zbekiston davlat jismoniy tarbiya va sport universitetiga yuqori lavozimlarda ishlovchi tanishlari orqali o‘qishga kiritib qo‘yishni va’da qilgani ma’lum bo‘lgan. Xizmati evaziga ular 4,2 ming dollarni olgan vaqtda ashyoviy dalillar bilan ushlangan.

Mazkur holatlar yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi (firibgarlik) va 28, 211-moddasi (pora berish) bilan jinoyat ishlari qo‘zg‘atilib, tergov harakatlari o‘tkazilmoqda.

Avvalroq Surxondaryoda talabaning o‘qishini Qozog‘istondan O‘zbekistonga ko‘chirib berish uchun 15,6 mln so‘m va 300 dollar so‘ragan shaxs ushlangani, Farg‘onada talabaning o‘qishini xorij universitetidan O‘zbekistonga ko‘chirib berish evaziga 8 ming dollar olgan o‘qituvchi qo‘lga olingani, Toshkentda fuqaroning xorijdagi o‘qishini ToshMIga ko‘chirib berish evaziga 6 ming dollar olgan shaxs ushlangani hamda Buxoroda o‘qishga kiritib qo‘yish uchun ikki fuqarodan 4 ming dollar olgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.