Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida talabalarni kontraktini to‘lab berishini va’da qilib, ulardan 5,4 million so‘m olgan shaxsga nisbatan jinoiy ish ochildi, deya xabar bermoqda IIV.

Qumqo‘rg‘on tumanida 2021-yil 18-may kuni tumanning “Bog‘aro” mahallasida yashovchi, M.O‘. tuman IIBga qilgan ariza bilan murojaat qilgan.

Unga ko‘ra, Agrosanoat texnikumida ishlovchi, Qumqo‘rg‘on tumanida yashovchi M.A. texnikumga 2021-yilda o‘qishga qabul qilingan talabalar – tumanning “Xalqobod” mahallasida yashovchi B.M., “Azlarsoy” mahallasida yashovchi Q.X., “Bog‘aro” mahallasida yashovchi I.J. hamda Sho‘rchi tumani “Elbayon” mahallasida yashovchi X.J.ni aldab, 2021-yil o‘quv yili uchun qisman kontrakt pullarini to‘lab berishini aytib, X.J.dan 2 370 000 so‘m, B.M.dan 1 000 000 so‘m, Q.X.dan 1 500 000 so‘m, I.J.dan 1 045 000 so‘m jami 5 400 000 so‘m pullarni olib, o‘zlashtirib ketganligini ma’lum qilgan.

4-iyul kuni M.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 3-qismi “b” bandi (katta miqdorda firibgarlik) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Bundan avval Andijonda Xitoydan endoskop apparatini olib kelib berishni va’da qilib, fuqaroni 5500 dollarga chuv tushirgan shaxsga jinoyat ishi ochilgani, Toshkentda fuqaroni Jismoniy tarbiya universitetiga o‘qishga kiritib qo‘yish uchun 7 ming dollar so‘ragan o‘qituvchi qo‘lga olingani hamda Toshkent viloyatida 7 gektar yer olib berish uchun 23,5 ming dollar pora olgan shaxslar ushlangani haqida xabar berilgandi.