Avstraliyaning yo‘lovchi aviatashuv xizmatlari xavfsizligi va sifatini baholashga ixtisoslashgan AirlineRatings.com agentligi dunyoning eng yaxshi aviakompaniyalari yillik reytingini taqdim etdi.

Foto: Sputnik

Aviatashuvchilar bir qator mezonlar, jumladan, yo‘lovchilarning ular haqidagi fikrlari, taqdim etilayotgan xizmatlar doirasi, aviaparkning yoshi, shuningdek, aviakompaniyalar tomonidan COVID-19 pandemiyasi fonida ko‘rilgan choralar bo‘yicha baholandi.

AirlineRatings.com mutaxassislarining fikriga ko‘ra, bu yilgi eng yaxshi aviakompaniya Qatar Airways bo‘lib, u uzoq muddatdan beri reytingda yetakchilik qilib kelayotgan Air New Zealand’ning o‘rnini egalladi.

Qatar aviakompaniyasi foydasiga keltirilgan dalillar qatorida mutaxassislar quyidagilarni ta’kidladi: yo‘lovchilar uchun yangi mahsulotlarni joriy etish, parvozda yuqori sifatli xizmat ko‘rsatish, innovatsiyalarga, shuningdek, pandemiya paytida aviakompaniya faoliyatini to‘xtatmaslikka harakat qilish.

Air New Zealand reytingda ikkinchi o‘rindan joy oldi. Kuchli o‘nlikka shuningdek, Singapore Airlines, Qantas, Emirates, Cathay Pacific, Virgin Atlantic, United Airlines, EVA Air, British Airways kirdi. Bundan tashqari, Qantas aeroportida eng yaxshi dam olish xonalariga ega bo‘lgan aviakompaniya, Singapore Airlines birinchi klassda eng yaxshi xizmatlarni ko‘rsatuvchi, Virgin Australia esa eng yaxshi ekipaj deb topildi.

Shuningdek, Yevropa, Osiyo-Tinch okeani mintaqasi va Amerika bo‘ylab eng arzon aviakompaniyalar nomi e’lon qilindi. Ushbu e’tirofga EasyJet, Jetstar va Southwest kompaniyalari sazovor bo‘ldi.

Avvalroq dunyodagi eng xavfsiz aviakompaniyalar ro‘yxati e’lon qilingandi. Avstraliyaning Qantas aviakompaniyasi ro‘yxatda birinchi o‘rinda qayd etilgan.