Issiq mavsumda organizm salqin ichimliklarni talab etadi. Shuning uchun shifokorlar yoz faslini “tomoq og‘rig‘i mavsumi” deb ataydi. Bu vaqtda o‘tkir tonzilit yoki angina yoqimsiz kasallik bo‘libgina qolmay, balki xavfli asorat ham qoldiradi. Yallig‘lanish, limfadenit, tomoq va bo‘yindagi abssesslar, bo‘g‘imlar, buyrak, yurak, miya pardalariga zarar yetishi, qon zaharlanish (sepsis) — bularning barchasi anginani keltirib chiqarishi mumkin.

Foto: “Domashniy ochag”

Nima uchun sovuq suv ichish mumkin emas?

Sovuq suv chanqoqni tezda qondiradi, salqinlatadi va tetiklashtiradi. Ammo bu shunchaki psixologik tuzoq, xolos. Sovitilgan ichimlik yoqimli, ammo tomoqqa tushgandan so‘ng qon tomirlarining keskin spazmini va shilliq qavatining gipotermiyasini keltirib chiqaradi. Shu sababli immunitet pasayadi. Harorat pastligi tufayli sovuq ichimliklar tanaga juda tez yoyiladi va tanadan ajralib chiqadi. Chanqoq esa qonmaydi. Shuning uchun iqlimi issiq  mamlakatlarda issiq va iliq ichimliklar ichish odat tusiga kirgan. Ular yaxshi so‘riladi va tanada stressni keltirib chiqarmaydi.

Og‘iz bo‘shlig‘i va dimog‘ mikroflorasi

Mikroorganizmlardan tashkil topgan mikroflora shilliq pardalarda yashaydi. Bu odatda biologik muvozanat saqlanib turadigan ekologik joy. Mikroorganizmlar odamga zarar yetkazmaydi. Ammo kun davomida bu muvozanat o‘zgarishi mumkin, masalan, tishlarni yuvishda. Shuningdek, juda tez tiklanadi. Agar immunitet pasaymasa, shilliq pardalarning funksiyalari ishlaydi, endogen mikroflora yallig‘lanish va yuqumli jarayonlarni keltirib chiqarmaydi. Mikroflora tanaga zarar yetkazmaydi. Ammo organizmning himoya funksiyalari susayishi bilanoq, muzli mineral suv, limonad va boshqa salqin ichimliklar ichilganda, angina yoki o‘tkir tonzilit, laringit, faringit rivojlanishi uchun barcha sharoitlar paydo bo‘ladi.

Issiq mavsumda nima ichish mumkin?

Issiqda nima ichish yoki ichmaslik tanlovi salomatlik bilan uzviy bog‘liqdir. Yaxshisi, oddiy suyuqlik iste’molini ko‘paytirish kerak. Shuningdek, kerakli ichimliklardan eng yaxshisi oddiy toza suvdir. Ushbu mavsumda inson ikki-uch litr suyuqlik ichishi maqsadga muvofiqdir (agar qarshi ko‘rsatmalar bo‘lmasa).

Yoz faslida ichish mumkin:

  • Toza suv. Xona haroratida yoki iliq.
  • Ko‘k yoki qora choy. Issiq havoda yurakka qo‘shimcha stress tug‘dirmaslik uchun kuchli choy ichish tavsiya etilmaydi.
  • Sharbat, mevali ichimliklar, alkogolsiz moxito bilan suv, uy sharoitida tayyorlangan limonadlar. Bundan tashqari, limon, laym va boshqa sitrus mevalarda qonni suyultiradigan moddalar mavjud bo‘lib, issiq havoda bu juda muhim sanaladi. Qonning quyuqlashishi tromboz rivojlanishiga va natijada yurak xurujlari va insult xavfini keltirib chiqaradi. Qolaversa, mevali ichimlik, sharbat va nektarlarni ichish mumkin, lekin ular juda shirin bo‘lmasligi ham kerak. 
  • Mineral suv. Yoz faslida boshqa mavsumlarga nisbatan ko‘proq terlash holati kuzatiladi va ushbu jarayonda tanadagi tuz ham ter bilan birgalikda chiqib ketadi. Agar tana o‘zi uchun zarur bo‘lgan tuzlarni qayta to‘ldirmasa, unda yurak va buyraklar ishida buzilishlar paydo bo‘lishi mumkin. Shuning uchun issiq havoda tuzga boy mineral suv ichish tavsiya etiladi. 

Ichish tavsiya etilmaydi:

  • Shirin ichimliklar faqat chanqoqni kuchaytiradi va salbiy ta’sirga ega bo‘lib, qo‘shimcha ravishda tuzlarning yo‘qolishiga olib keladi.
  • Gazli ichimliklar tomoq shilliq qavatini bezovta qiladi, bu esa harorat o‘zgarganda yanada sezgirlashadi. Shuning uchun salqin gazli ichimlik tomoqqa ikki marta zarba beradi. Ayniqsa, shirin ta’mlisi uch baravar. Bundan tashqari, gazli ichimliklar oshqozon va o‘n ikki barmoqli ichak shilliq qavatini bezovta qiladi.
  • Sovuq yopishqoq suyuqliklar, ya’ni kokteyllar, sut, kefir va  kisel. Bunday ichimliklar shilliq pardalarda uzoqroq turadi. Natijada tomoq shilliq qavatida qandaydir sovuq “kompress” paydo bo‘ladi.

Tomoqni chiniqtirish

Bu anginaning oldini olishning eng samarali usullaridan biridir. Ammo tomoqni chiniqtirishni yoz mavsumida sinab ko‘rish yaxshi fikr emas. Salqin havoda ertalab gimnastikani boshlash, havo hammomlarini ertalab va kechqurun qabul qilish kerak. Suv harorati juda sovuq emas, xona haroratida bo‘lishi lozim. Agar tana sog‘lom bo‘lsa, bo‘yinni sovuq sochiq bilan artish yanada foydalidir.

Shuningdek, havo harorati pasayganda tomoqni chiniqtirish mumkin. Dastlab og‘iz bo‘shlig‘i va halqum iliq suv bilan chayiladi, so‘ngra harorat asta-sekin tushiriladi. Asosiy shart shuki, buni har kuni qilish va suv haroratini biroz pasaytirish kerak. To‘liq sovib ketguncha uni har hafta davomida birozdan tushirish mumkin. Chiniqtirishni boshlashdan oldin shifokor bilan maslahatlashish tavsiya etiladi.