Buxoro viloyatida “Asakabank” filiali sobiq mansabdorlari o‘zgalar bilan til biriktirib, Osiyo taraqqiyot banki tomonidan O‘zbekistonga ajratilgan 2 million dollar miqdorida pullarni o‘zlashtirgani aniqlandi, deya xabar bermoqda viloyat IIB matbuot xizmati.

Foto: “Daryo”

“Asaka bank” AJ Buxoro viloyati filiali sobiq mansabdori O‘zbekiston Prezidentining “Osiyo taraqqiyot banki ishtirokidagi ‘Meva-sabzavotchilik tarmog‘ida qo‘shilgan qiymat yaratish zanjirini rivojlantirish’ loyihasini amalga oshirish to‘g‘risida”gi qarori asosida “Osiyo taraqqiyot banki” mablag‘lari hisobidan moliyalashtirilgan 2 million AQSH dollari miqdoridagi imtiyozli kredit mablag‘larini soxta hujjatlar asosida firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish maqsadida bir guruh shaxslar, ya’ni “G.B.A.” MCHJ rahbari, “Asakabank” AJ Buxoro viloyati filiali boshqa mansabdorlari, “Asakabank” AJ bosh ofisi mansabdor shaxslari hamda “K.S” MCHJning mansabdorlari bilan o‘zaro jinoiy til biriktirgan.

Ular “Asakabank”ning 2017-yilga mo‘ljallangan kredit siyosatida belgilangan kredit ajratishning umumiy mezoni talablariga zid ravishda, kredit summasining garov ta’minoti bilan yetarli miqdorda ta’minlanmagani bila turib, kredit yig‘ma jilddagi ayrim hujjatlarni qalbakilashtirish yo‘li bilan 2 million AQSH dollari miqdoridagi kredit mablag‘larini firibgarlik yo‘li bilan qo‘lga kiritish hamda mansab soxtakorligida ifodalangan xatti-harakatlari bilan kreditning qaytarilishini ta’minotsiz qoldirib, davlat va bank manfaatlariga kreditning asosiy qismi to‘lanmagani oqibatida 1 million 282 ming 630 AQSh dollari (ekvivalentda 13 milliard 579 million 14 ming 62 so‘m) va foiz hamda penya qarzdorligi hisobidan 358 ming 84 AQSh dollari (ekvivalentda 3 milliard 790 million 986 ming 253 so‘m) miqdorida zarar yetkazgan.

Mazkur holat yuzasidan Jinoyat kodeksining 168-moddasi 4-qismi (juda ko‘p miqdorda) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, dastlabki tergov harakatlari olib borilmoqda.

Bundan avval Jizzaxda 123 mln so‘m kredit mablag‘larni talon-toroj qilib o‘zlashtirgan rahbarga jinoiy ish qo‘zg‘atilgani, O‘zbekistondagi ikkita OTM buxgalterlari 22,5 mlrd so‘mni o‘zlashtirilgani aniqlangani hamda Qo‘rg‘ontepadagi dehqon bozori mas’ullari 360 mln so‘mga yaqin pul mablag‘larini talon-toroj qilgani aniqlangani haqida xabar berilgandi.