Yangi mavsumda “PSJ” Chempionlar Ligasi sovrinini qo‘lga kiritishga yana bir marta urinib ko‘radi, buning uchun jamoa tarkibni yana kuchaytirdi: Serxio Ramos, Jorjinyo Veynaldum va Janluijji Donnarummani tekinga qo‘lga kiritdi. Faqatgina Ashraf Hakimi uchun “Inter”ga 60 million yevro to‘ladi.

Foto: “Daryo”/ Husan Sobitov

Har bir transferga to‘xtalib o‘tamiz:

• Veynaldumni Maurisio Pochettinoning o‘zi shaxsan Parijga o‘tishga ko‘ndirdi. Shayxlar futbolchiga yiliga 10 million yevro taklif qildi va shu tariqa niderlandiyalik yarim himoyachi “Barselona” haqida unutdi.

Foto: Getty Images

• Ramos faoliyatini “Real”da davom ettirishi mumkin edi, lekin u Parijni tanladi. Himoyachi maoshi saqlab qolingan holda 2 yillik shartnoma so‘ragandi, lekin Florentino Peres bunga rozi bo‘lmadi. Parijliklar esa bu shartga bajonidil ko‘ndi.

“Parij zamonamizning eng yaxshi futbolchilaridan birini qarshi oldi. Serxio Ramos safimizga kelib qo‘shilganini aytishdan mamnunman. Serxio ajoyib futbolchi, tarixdagi eng yaxshi himoyachilardan biri. U kurash uchun tug‘ilgan, tug‘ma yetakchi va professional. Uning ulkan tajribasi bizga yordam beradi”, — deydi “PSJ” prezidenti Nossir al-Xelayfi.

Foto: Getty Images

Ramos ham mamnun: “Parijda ekanimdan xursandman. Hayotimdagi katta o‘zgarish, yangi chaqiriq. Bu kunni unutmayman. Katta loyihaning bir qismi ekanimdan faxrlanaman. Klub allaqachon o‘zining eng yuqori darajasini namoyish etgan va mustahkam bazaga ega. “PSJ” bilan birga o‘sishda davom etmoqchiman va jamoaga sovrinlar qo‘lga kiritishda yordamlashaman”.

Serxio o‘zining sevimli 4-raqamini oldi. Parijliklar safida avvalgi mavsumda Tilo Keryer ushbu raqam ostida harakat qilardi. Endi u 24-raqamni oldi (“Shalke” jamoasida ushbu raqam ostida harakat qilgan).

“4-raqamni juda ham qadrlayman, chunki u faoliyatim boshidan buyon men bilan birga. U butun faoliyatim davomida men bilan birga bo‘lgan, omad va g‘alabalar keltirgan. 4-raqam inson va professional sifatida bir qismim. “PSJ”dek jamoada shu raqam ostida maydonga tushish — g‘urur”, — deydi Ramos.

• “PSJ” Hakimini 60 million yevro evaziga xarid qildi. Bundesliga va A Seriyada o‘zini ko‘rsata olgan 22 yoshli futbolchi uchun ajoyib narx. Marokashlik futbolchi 2020/21-yilgi mavsumda 37 o‘yinda 7 ta gol urdi va 8 ta golli uzatmani amalga oshirdi.

Foto: Getty Images

• Donnarumma 2026-yilgacha bo‘lgan shartnomani imzoladi. “Top-jamoaga o‘tganimdan xursandman. Yangi chaqiriqni qabul qilishga tayyorman. “PSJ” bilan katta sovrinlarni qo‘lga kiritishni va muxlislarni xursand qilishni xohlayman”.

La Gazzetta dello Sport xabariga ko‘ra, darvozabon yiliga 10 million yevro oladi (“Milan”da 6 million edi). Donnarumma “rossonerilar” muxlislariga atab xayrlashuv xatini yozdi. Unda barchaga rahmat aytdi, jamoaga omad tiladi va xayrlashish vaqti kelganini yozdi.

Natijada, “PSJ” 4 nafar ajoyib futbolchilarni qo‘lga kiritdi. Qishki transferda jamoa yetarlicha xaridlarni amalga oshirmagandi, yozgi transfer oynasida esa faol. O‘tgan mavsum boshida Mauro Ikardini xarid qilgandi, Alessandro Florensi, Moyze Kin va Danilu Pereyralarni ijaraga olgandi.

Qolganlarning taqdiri nima bo‘ladi: Pochettino, Mbappe va Neymar qoladimi?

Pochettino aniq qoladi. “Real” yoki “Tottenhem”ga ketishi borasidagi gap-so‘zlarga Nossir al-Xelayfi shunday javob bergandi:

“Mavsum so‘ngida Pochettino bilan har biri 2-3 soatdan iborat ikkita uchrashuv o‘tkazdik. U ketish haqida gapirmadi. Aksincha, jamoadagi ishlarga diqqatini qaratgan. Har kuni Leonardo (klub sport direktori) bilan suhbatlashadi”.

Foto: Getty Images

• Neymar jamoa bilan 2025-yilgacha mo‘ljallangan shartnoma imzoladi. Prezident braziliyalik futbolchi faoliyatini Parijda yakunlamoqchi ekanini aytdi.

• Mbappening taqdiri esa noma’lum. Al-Xelayfining qarori aniq: “Biz uni hech qachon sotmaymiz. Erkin agent sifatida jamoani tark etmaydi. Bu — Parij va uning mamlakati. Uning nafaqat futbolchilik, balki Fransiya chempionatini yuksaltirish vazifasi ham bor”.

Lekin Kilianning rejalari boshqa. Hozir ham uning kelajagi so‘roq ostida. “Kelajagim haqida qaror qilishga shoshganim yo‘q. Men o‘zim uchun to‘g‘ri bo‘lgan qarorni qabul qilishim lozim”, — degandi Mbappe Yevro—2020 boshlanishidan avval France Footballga bergan intervyusida.

Marca gazetasining xabariga ko‘ra, Kilian “PSJ”ga yangi shartnomani imzolamasligini aytgan. Agarda yangi shartnomada “Real”ga o‘tishi uchun narx belgilansagina imzo chekishi mumkin.

Foto: Getty Images

Fransiya professional futbol ligasi esa futbolchilarning tovon puli ochiqlanmasligi to‘g‘risida qoida chiqargan. Shuning uchun “PSJ” va Mbappe “jentlmenlarcha” kelishuvga erishishi lozim. Futbolchining shartnomasi esa kelasi yil o‘z yakuniga yetadi.