Toshkentdagi Amir Temur xiyobonida rossiyalik blogerni ko‘rish uchun yuzlab fuqarolar to‘plangani, Milliy gvardiya va IIB xodimlari olomonni tarqatib yuborgandi. Poytaxt IIBBning ma’lum qilishicha, Subo nomi bilan tanilgan bloger Subxan Mamedov hamda uning kuzatuvchilari karantin qoidalarini buzgani uchun javobgarlikka tortilgan.

Kadr: Telegram

Ma’lum qilinishicha, 13-iyul kuni soat 22:30 larda Toshkent shahriga Instagram va YouTube ijtimoiy tarmoqlarida Subo nomi bilan tanilgan bloger – 22 yoshli Rossiya fuqarosi Subxan Mamedov tashrif buyurgan. Bundan oldinroq u o‘zining sahifasida tez orada Toshkentda bo‘lishini va obunachilar bilan uchrashib, ularga pul tarqatishini ma’lum qilgan.

Shu sababli poytaxtning Amir Temur xiyobonida Suboni kutib olish uchun 150-200 ga yaqin fuqaro yig‘ilgan.

Ichki ishlar bosh boshqarmasi xabar berishicha, Subxan Mamedov bilan profilaktik suhbat o‘tkazilgan va voqeada hech qanday qonunbuzarlik qayd etilmagan. Shundan so‘ng, Milliy ommaviy axborot vositalarini qo‘llab-quvvatlash va rivojlantirish jamoat fondi Vasiylik kengashi raisi Komil Allamjonov voqeaga munosabat bildirib, qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerakligini ta’kidladi.

“U bilan profilaktik suhbat emas, balki unga nisbatan yolg‘on ma’lumot tarqatib, jamoat tartibi va sog‘lig‘iga xavf tug‘dirgani, yig‘ilishlar o‘tkazish tartibini buzgani nuqtayi nazaridan huquqiy baho berilishi kerak. Qonun mahalliy blogerga ham, xorijiy blogerga ham barobar bo‘lishi kerak. Tartibbuzarlarni bunday ehtirom ila yana kuzatib qo‘yaversak, ertaga o‘zimizga qiyin bo‘ladi”, – deb yozadi Komil Allamjonov.

Toshkent shahar IIBB tomonidan berilgan qo‘shimcha ma’lumotga ko‘ra, o‘tkazilgan dastlabki tekshiruv natijasida 26 nafar fuqaro (shu jumladan, Subxan Mamedov va uning kuzatuvchilari) karantin qoidalariga zid ravishda jamoat joyida tibbiy niqobsiz bo‘lgani uchun Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 54-moddasiga asosan ma’muriy javobgarlikka tortilgan. Shuningdek, 83 nafar fuqaroga nisbatan hujjatlar rasmiylashtirish jarayonida 9 nafar voyaga yetmagan shaxslarning ota-onasi bilan profilaktik suhbat o‘tkazilib, ogohlantirilgan. Ta’kidlanishicha, hozirda surishtiruv ishlari davom etmoqda.