Namanganda bo‘lib o‘tgan xalqaro gullar festivalida faxriy mehmon sifatida ishtirok etgan Guli Xonim Shayx ko‘pchilikning e’tiborini o‘ziga tortdi. “Daryo” muxbiri Azizbek Abduvaliyev Buyuk Britaniya lordi Muhammad Shayxning turmush o‘rtog‘i bilan suhbatda bo‘lib, uning bugungi kundagi faoliyati bilan qiziqdi.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

“Ham o‘qib, ham o‘qityapman”

Ayollar yetakchiligini qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi assotsiatsiya ochdik. Bu loyiha doirasida Yevropa tizimida ayollarni o‘qityapmiz. Xalqaro siyosatchilar, liderlar, biznesmenlarni taklif etib, ayollarga onlayn dars o‘tyapmiz. Gender tengligi, psixologiya, oila, yetakchilik, biznes menejment, taym menejment, ya’ni vaqtdan unumli foydalanish kabi 13 ta mavzuni qamrab olganmiz. O‘quvchilarim orasida nafaqat O‘zbekiston, balki Markaziy Osiyoning boshqa davlatlari ayollari ham bor.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Darslarimiz o‘zbek tilida, lekin spikerlar chet ellik, ingliz tiliga tarjima qilamiz. Ular orasida lordning o‘zlari, Britaniyadagi muzeylarning raisi, taniqli siyosatchi Deym Archer, Yevropa parlamenti a’zosi Afzalxon, Saudiya Arabistoni fuqarosi ilk hamshira ayol va boshqalarni ko‘rish mumkin. Har bir spikerning o‘z mavzusi va yo‘nalishi bor.

Nodavlat tashkilot sifatida ro‘yxatdan o‘tganmiz. Bepul maktab, sertifikat beramiz. Lekin “bepul narsaning qadri bo‘lmaydi” deganlari ham to‘g‘ri ekan. Ba’zi ayollarimizning bu mavzularga hafsalasizlik bilan qarashi, darslarga istalgan payt kirib, istalgan payt chiqib ketishini kuzatib, shunday xayollarga boraman.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

Hozir o‘zim ham Oksfordda yetakchilik va gender tengligi bo‘yicha o‘qiyapman. O‘zbekistonga taklif qilishdi, viloyatlarda yurib, ayollar bilan uchrashib, bevosita muloqotga kirishyapmiz. Ayollar, yoshlar, “temir daftar”dagilar bilan ko‘rishib, motivatsiya beryapmiz, xayriya qilyapmiz.

Qars ikki qo‘ldan chiqadi

Britaniyada ayollarga hurmat va e’tibor kuchli. Bu yerda ham himoya orderi beriladi, asosiysi, qonun ustuvorligi bor. Ichki ishlar juda qattiq nazorat qiladi.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

Har xil toifadagi erkaklar bor. Ayolini hurmat qiladigan yaxshi erkaklar ham ko‘p. Shuning uchun faqat erkaklarni ayblash noto‘g‘ri. “Qars ikki qo‘ldan chiqadi” degan gap bekorga aytilmagan. Lekin nima bo‘lganda ham zo‘ravonlikka, tayziqqa yo‘l qo‘ymaslik kerak. Bu borada ichki ishlar xodimlarining nazorati va ko‘magi zarur.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

O‘zbekistonni kezib, turli mintaqalarda yurib, ayollarga munosabatda bilinar-bilinmas farqlarni sezdim. Masalan, Qoraqalpog‘istonda gender tengligiga rioya etish va ayollarga hurmat yuqoridek tuyuldi.

“Birinchi xonimga hurmatim cheksiz”

Birinchi xonimga hurmatim cheksiz. Ko‘p kuzataman qilayotgan ishlarini. Xayriya ishlarini qo‘llab-quvvatlayman, chunki o‘zim ham shu bilan mashg‘ulman.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

O‘zbekistondagi lider ayollardan Tanzila Norboyevani hurmat qilaman. Senat raisi bo‘lganlarining o‘zi katta gap. Uch marta ko‘rishganman. Yana Mahalla va oilani qo‘llab-quvvatlash vazirining birinchi o‘rinbosari Gulnora Ma’rufovnani ham.

Viloyatlarda o‘z ishini biladigan, obro‘li, ortidan ergashtira oldigan yetakchilarni ko‘ryapman. Masalan, Samarqandda Sayyora Arziyevna, Buxoroda Dilfuza Mustafayeva, Qoraqalpog‘istonda Maryam opa, Namanganda Iroda opa Qo‘chqorova. Ular haqiqiy lider ayollar.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

Yetakchilikning ham o‘z uslublari bor. Men sanab o‘tgan ayollar yetakchi sifatida meni qoniqtiradi.

Shlyapalar haqida

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

Lordga turmushga chiqqandan keyin ularning xonimlari o‘z uslubiga ega bo‘lishlari tabiiy. Masalan, qirolicha har yili bizni taklif etadi, shlyapalarda yoki o‘zingiz yoqtirgan boshqa bosh kiyimda kelish an’anaga kirgan. Undan tashqari, turli qabullarda ishtirok etaman. Qolaversa, bu mening uslubim. Koko Shanel haqida o‘qiganimdan keyin shu fikr kelgan. Shlyapalarim soni 30 ga yaqin bo‘lsa kerak, o‘zimning stilist va dizaynerlarim bor.

“Orzuga ayb yo‘q, balki siyosatchi bo‘lib ketarman”

Orzuga ayb yo‘q, kelgusida siyosatchi bo‘lib ketarman balki. Britaniyada yoki O‘zbekistonda. Agar shunday bo‘lsa, ayollarni himoya etish yo‘lida xizmat qilaman. O‘zim O‘zbekiston Liberal-demokratik partiyasi a’zosiman. Nimaga? Chunki Prezident islohotlarini qo‘llab-quvvatlayman, yo‘nalishim shunga mos. U kishining yetakchilik mahoratiga tan beraman. Ko‘p davlatlarda bo‘lganman, yetakchilar bilan muloqot qilganman, solishtirish imkoniyati bor.

Foto: “Daryo” / Jahongir Akramov

Buyuk Britaniyaning sobiq bosh vaziri Margaret Tetcherga ixlosim baland. Vaqtdan unumli foydalanish, reja asosida ishlash haqidagi o‘gitlarini ko‘p o‘qiyman. Oddiy oila, ziyoli xonadondan chiqqan ayol. Dunyodagi eng qudratli davlatlardan birini ko‘p yillar davomida boshqardi.

Foto: Guli Xonim Shayx arxividan

U kishining ta’biri bilan aytganda, ayol uydagi ishlarni mohirona bajaryaptimi, oilani boshqaryaptimi, demak, davlat va siyosatni ham uddalaydi.