AQSh boshchiligidagi NATO davlatlari qo‘shinlari Afg‘onistondan olib chiqib ketilishi fonida mamlakatdagi “Tolibon” harakati o‘z nazorat hududlarini kengaytirishda davom etmoqda. “Daryo” kolumnisti Sarvar Jalolov bu safargi chiqishida “Tolibon” harakatining tarixi, Afg‘onistondagi vaziyat va bo‘layotgan voqealarning Markaziy Osiyoga ta’siri haqida fikr yuritadi.
2-iyul kuni AQSh va NATO qo‘shinlari Afg‘onistondagi eng yirik harbiy bazasi — Bagramdan butunlay chiqib ketgani ma’lum qilindi. AQSh prezidenti Jo Bayden ikki oy oldin e’lon qilgan 20 yillik urushdan keyin 2021-yil 11-sentabrgacha Afg‘onistondan harbiylarini to‘liq olib chiqish rejasida bu katta qadam bo‘lib, endilikda mamlakatda koalitsiyaning 2500—3500 atrofida askarlari qolgani aytilmoqda.
1-may kuni AQSh boshchiligidagi xalqaro koalitsiya kuchlari Afg‘onistondan so‘nggi harbiylarini chiqarishni boshlagach, “Tolibon” harakati o‘z nazoratidagi hududlarni keskin kengaytira boshladi. Shu paytgacha “Tolibon” ham muzokara, ham jang, shuningdek, hukumat chekinishi tufayli 50 dan ortiq tumanni egallab, umumiy nazoratidagi tumanlar sonini 80 dan oshirdi. Afg‘onistondagi vaziyat keskin o‘zgarishlarga uchrayotgan bir paytda bu mavzuga chuqurroq nazar tashlashni taqozo etmoqda.
“Tolibon”ning qisqacha tarixi
“Tolibon” Sobiq Ittifoq qo‘shinlari 1989-yilda Afg‘onistonni butunlay tark etgach 1992-yilda Afg‘oniston Demokratik Respublikasi qulashi natijasida sovet qo‘shinlariga qarshi kurashgan turli kuchlar o‘rtasida boshlangan fuqarolik urushi paytida, 1994-yilda mudarris Muhammad Omar tomonidan o‘z talabalari ishtirokida tashkil etilgan.Dastlab Afg‘oniston janubidagi dala qo‘mondonlarining aholiga nisbatan zulmiga qarshi kurashni maqsad qilgan harakatga Pokistondan muhojirlikdan qaytgan o‘n minglab talabalar qo‘shilib tez orada Qandahor viloyatini, 1995-yilda Hirot viloyatini, 1996-yilda Qobulni egallagan va Afg‘oniston Islom Amirligi nomli davlatsifat tuzilmaga asos solgan.
1996—2001-yillarda mavjud bo‘lgan ushbu tuzilma Afg‘oniston hududining 75 foizini nazorat qilgan. Faqatgina shimoldagi 25 foiz hudud tojiklar yetakchisi Ahmad Shoh Mas’ud, o‘zbeklar yetakchisi Abdurashid Do‘stum, shuningdek, hazoralar va “Tolibon”ga muxolif pushtunlar tomonidan nazorat qilingan. “Tolibon” hukumati faqatgina uch davlat – Saudiya Arabistoni, Birlashgan Arab Amirliklari va Pokiston tomonidan tan olingan.
2001-yilda 11-sentabr voqealaridan keyin AQSh boshchiligidagi koalitsiya Afg‘onistonga bostirib kirib, teraktlarni uyushtirgan “Al-Qoida” terrorchilik tashkiloti bilan hamkorligi uchun “Tolibon” hukmronligiga ham chek qo‘ydi. “Tolibon” yetakchilari qo‘shni Pokistonning pushtunlar yashaydigan hududlariga qochib o‘tdi va harakatni o‘sha yerdan turib boshqara boshladi.
100 minglab G‘arb qo‘shinlari Afg‘onistonda bo‘lishiga qaramay “Tolibon” asta-sekinlik bilan mamlakatning ko‘plab hududlari ustidan nazoratni qaytarib oldi. Bular asosan qishloq hududlari bo‘lib, viloyat markazini birinchi marta 2015-yilda egallandi – o‘shanda ham, bir yil keyin ham Qunduz shahri AQSh havo qo‘shinlari yordamida qaytarib olindi.
Bir qaraganda “Tolibon” o‘ta tartibli boshqaruv tuzilmasiga ega va o‘z nazoratidagi hududlarda parallel hukumat, jumladan, sud vazifalarini ham bajaradi. Boshqa tarafdan so‘nggi yillarda ko‘plab kichik guruhlar ham o‘zlarini “Tolibon”ning bir qismi deb e’lon qilgan, biroq muvofiqlashtirilmagan harakatlari markazlashgan yetakchilik mavjud emasdek tasavvur uyg‘otadi.
2013-yilda Qatarda o‘zining siyosiy byurosini ochishini e’lon qilgach “Tolibon” xalqaro muzokaralarda to‘g‘ridan to‘g‘ri qatnashishiga imkoniyat paydo bo‘ldi. AQShning o‘zi “Tolibon” bilan 2018-yilda to‘g‘ridan to‘g‘ri muzokaralarni boshlagan va 2020-yil fevralda kelishuvga erishgan edi. Unga binoan AQSh o‘z qo‘shinlarini Afg‘onistondan olib chiqib ketishga, “Tolibon” esa koalitsiya qo‘shinlariga hujum qilmay turmaslikka, shuningdek, “Al-Qoida” va boshqa jangari va terrorchilik tashkilotlari bilan hamkorlik qilmaslikka rozi bo‘lgandi.
Afg‘oniston hozir kimning nazoratida?
NATOning oxirgi hisob-kitoblariga ko‘ra ayni paytda “Tolibon”ning 85 ming kishilik muntazam armiyasi bor va mamlakatning 20 dan 35 foizgacha hududini nazorat qiladi. Afg‘onistonda jami 421 ta tuman bo‘lib, 34 ta viloyatdan 26 tasida “Tolibon” va Afg‘oniston hukumati o‘rtasida hududni nazorat qilish uchun kurash kechmoqda. “Tolibon”ning siyosiy byurosi bayonotiga ko‘ra harakat mamlakat hududining 80 foizini nazorat qilayotganini da’vo qilmoqda. Jumladan, ko‘plab tumanlarning markazlari hukumat nazoratida bo‘lsa ham, atrofdagi yerlar “Tolibon”ga qarashi aytilgan.Siyosiy vaziyat ham beqaror – prezident G‘ani atrofidagi 3-4 kishi va xotinidan boshqa hech kimni eshitmasligi, hammaga shubha bilan qarashi tufayli yaxshi mavqega ega emasligi aytilgan. G‘ani “Tolibon”ni yangi saylovlargacha muvaqqat birlashgan hukumat tarkibiga kirib turishga undamoqda, biroq “Tolibon”ga bu qiziq bo‘lmay qolgan. Hukumat hozir ham, G‘arb qo‘shinlari chiqib ketgach ham nima qilish kerakligi bo‘yicha rejaga ham, tasavvurga ham ega emas.
“Tolibon”ning oxirgi ikki oyda egallayotgan hududlarning aksariyati aynan o‘rtacha va katta shaharlar atrofidagi yerlarga to‘g‘ri keladi, shaharlarning o‘zini G‘arb qo‘shinlari chiqib ketishi bilan egallashi kutilmoqda. Shunday bo‘lsa ham “Tolibon” yirik shaharlarni egallash uchun kutib o‘tirmayapti – avval ham bir necha marta “Tolibon” qo‘lidan qaytarib olingan Qunduz va mamlakatning yirik markazlaridan bo‘lgan Mozori Sharif kabi viloyat markazlariga kirishga urinish bo‘lgan.
AQSh tashlab ketmoqda
G‘arb maxsus xizmatlari koalitsiya qo‘shinlari Afg‘onistonni butunlay tark etgach Ashraf G‘ani boshchiligidagi mamlakatning hozirgi hukumati olti oy ichida qulashini va Afg‘oniston butunlay “Tolibon” qo‘liga o‘tishini taxmin qilmoqda. 24-iyun kuni Vashingtonda Ashraf G‘ani hamkasbi Jo Bayden bilan uchrashuvidan oldin AQShning 650 nafar harbiysi Afg‘onistonda qolishi ma’lum qilindi. Ular asosan Qobuldagi AQSh elchixonasi hamda Hamid Karzay nomidagi xalqaro aeroport va undagi harbiy obyektlarni qo‘riqlashga xizmat qilishi kutilmoqda. Aeroportni kengroq ko‘lamda qo‘riqlash va nazorat qilish Turkiyaga taklif qilinishi mumkin.G‘ani bilan uchrashuv chog‘ida Bayden mamlakat taqdiri afg‘onlarning o‘z qo‘llarida ekanligini eslatib, AQSh qo‘shinlarini olib chiqish to‘xtatilmasligini, keyingi yordam asosan moliyaviy ko‘rinishda bo‘lishini tasdiqladi. “Bizning qolishimiz tinchlik o‘rnatilishiga yordam bermayapti”, — degan AQSh rahbari.
Og‘ir oqibatlarga qaramay aytilgan ramziy sana – 11-sentabrgacha qo‘shinlarni chiqarish qarorini o‘zgartirmayotgani tufayli AQSh prezidenti Jo Bayden ham tanqidlarga uchramoqda. Jumladan, Bayden aynan ramziylikni o‘ylab Afg‘onistonni “qurbon” qilayotgani ham ta’kidlangan. Shuningdek, AQSh Bagramdan chiqib ketishni Afg‘oniston rasmiylari va harbiylari bilan muvofiqlashtirmagan, shunchaki chiqib ketgan.
Afg‘onistonliklar koalitsiya qo‘shinlari bunchalik tez chiqib ketayotganidan qattiq xavotirda – so‘nggi kunlarda pasport idoralarida navbatlar keskin ko‘paygan. Pasporti kuchi eng pastki o‘rinlarda bo‘lishiga qaramay aholi “Tolibon” qo‘li ostida yashashdan ko‘ra qanday qilib bo‘lsa ham mamlakatni tark etish yo‘llarini izlamoqda.
Markaziy Osiyo uchun xavf bormi?
Afg‘oniston shimolidagi 8 viloyat (Badaxshon, Toxar, Qunduz, Balx, Juzjon, Foryob, Badgis va Hirot) Markaziy Osiyo davlatlari — Tojikiston, O‘zbekiston va Turkmaniston bilan chegaradosh. 1990-yillardagi fuqarolar urushi davrida asosan aynan shu viloyatlarda “Tolibon”ga qarshilik ko‘rsatgan Shimoliy Alyans yetakchilari 2001-yildan keyin Afg‘onistonning muvaqqat va muntazam hukumatlari asosini tashkil qilib keladi.Umuman, Afg‘oniston shimoli yaqin yillargacha mamlakatning nisbatan tinchroq hududi hisoblanar edi. Biroq 2013-yildan boshlab “Tolibon” ushbu hududlarni ham nazoratga olishga urina boshladi. Jumladan, 2014-yilda “Tolibon” jangchilari Murg‘ob daryosini kesib o‘tib Turkmanistonga kirgach va chegarachilarni o‘ldirgach Ashxobod qo‘shnilari va Rossiyadan yordam so‘ragan edi. Keyinchalik Abdurashid Do‘stum qo‘shinlaridan qochib Turkmanistonga kirmoqchi bo‘lgan “Tolibon” jangchilari qaytarib yuborilgan. 2019-yilda esa “Tolibon”dan qochib Turkmanistonga o‘tmoqchi bo‘lgan 100 ga yaqin afg‘on hukumati harbiylari qaytarib yuborilgach “Tolibon” tomonidan o‘ldirilgan edi.
Tojikiston bilan chegaradosh Qunduz viloyatida esa “Tolibon” 2015—2016-yillarda faollashib, ikki marta viloyat markazining bir qismini egallagan va har safar AQSh havo kuchlari yordamida chiqarib yuborilgan edi.
Iyun oyidagi jadallashuv natijasida “Tolibon” Afg‘oniston shimolidagi sakkizta viloyatning barchasida qator tumanlarni egallagan. Foryob viloyatida, Turkmaniston chegarasidan 10 kilometr uzoqlikdagi Andxoy shahri va bir qator tumanlar, Juzjon viloyatida 6 ta tuman (ikkitasi Turkmaniston bilan chegaradosh) “Tolibon” nazoratiga o‘tgan. Qunduz viloyatining Tojikiston bilan chegaradosh uchala tumani ham, jumladan, Sher Xon Bandar chegara punkti bilan birga, Toxar viloyatidagi 12 ta tumanning 8 tasi “Tolibon”ga o‘tgan.
O‘zbekiston bilan chegaradosh yagona viloyat – Balxning Sho‘rtepa tumanidan O‘zbekiston hududiga dastlab 53 nafar, keyin 47 nafar afg‘on harbiylari qochib o‘tgani va qaytarib yuborilgani ma’lum qilingan edi. Tojikiston esa Sher Xon Bandar chegara punktidan qochib o‘tgan afg‘on harbiylari qolishiga ruxsat bergan; Tog‘li Badaxshon viloyati rahbari Yodgor Fayzov 5000 dan 10 minggacha qochqinlarni qabul qilishga tayyorligini, biroq ularning soni 30 minggacha chiqishi mumkinligidan xavotirdaligini aytgan.
“Tolibon” yuzlab tumanlarni bunchalik tez va oson nazoratga olayotganining asosiy sabablaridan biri sifatida aksariyat hollarda bu jangsiz amalga oshayotgani aytilmoqda. “Tolibon” jangchilari kirgan hududdagi hukumat xodimlari va harbiylari ko‘pincha shunchaki o‘sha hududni tashlab ketmoqda, ba’zida hatto qurollarini ham qoldirib ketmoqda.
Hukumat bu holatni rasman taktik chekinish deb atab, asosiy maqsad tinch aholiga zararni minimallashtirish ekanligi bilan izohlagan va “Tolibon” bilan aholi yo‘q joyda urushishini ma’lum qilgan. Bir qator tumanlar haqiqatan ham 1-2 kun ichida hukumat nazoratiga qaytarilayotgani bu bayonotni qisman tasdiqlashi mumkin, biroq aksariyat egallangan tumanlar baribir “Tolibon” nazoratida qolmoqda.
Xulosa: tarix takrorlanmoqda va yangilanmoqda
20 yil davom etgan va 3 trillion dollarga yaqin mablag‘ sarflangan AQSh boshchiligidagi koalitsiyaning Afg‘onistondagi urushi ramziy sana – 11-sentabrda tugatilishi rejalashtirilmoqda. Biroq taqdir vaziyatni o‘sha 20 yil oldingidek va hattoki undan ham jiddiy qilib qo‘ymoqda. Zero hozirda “Tolibon” avval umuman oyog‘i yetmagan shimoliy hududlarga ham yetib kelgan.Shunday bo‘lsa ham, Tolibonning maqsadi faqatgina Afg‘onistonda to‘liq nazorat o‘rnatish bo‘lib, Markaziy Osiyodagi qo‘shnilarining hududiga kirishdan manfaatdor emasligi ekspertlar tomonidan ta’kidlanmoqda. Markaziy Osiyo uchun asosiy ta’sir o‘n minglab afg‘on muhojirlari va iqtisodiy aloqalardagi o‘zgarishlar bilan cheklanishi mumkin.AQShning chiqib ketishi 32 yil oldingi Sobiq Ittifoqning chiqishidan keyin bo‘lgani kabi uning yordamida o‘rnatilgan hukumat tuzilmasi qulashiga olib kelishi mumkin. 1990-yillardagidan farqli ravishda afg‘on xalqi endi “Tolibon”da dala qo‘mondonlarining zulmidan najotni ko‘rmaydi va yaxshi kutib olmaydi. Hukumat va armiyaning ilojsizligini ko‘rgan aholi yana dala qo‘mondonlari atrofida birlashib, o‘zlarini himoya qilishni boshlamoqda. Ayniqsa shimolda tojiklar, o‘zbeklar va hazoralar bu borada faollik ko‘rsatishga kirishgan. Aholining harbiylashgan brigadalar tuzishi shundoq ham zaif afg‘on armiyasini yana ham mavqeyi tushishiga olib kelishi tayin.
Afsuski, ko‘pchilik ekspertlar koalitsiya qo‘shinlari chiqib ketgach Afg‘onistonda yana fuqarolik urushi muqarrarligini taxmin qilmoqda. Bu o‘z navbatida turli guruhlarning ortida turuvchi davlatlarning proksi urushiga ham aylanadi. Birinchi o‘rinda Afg‘oniston uchun eng muhim davlat – Pokiston pushtunlari “Tolibon”ni qo‘llab-quvvatlashiga javoban Hindiston shimoldagi etnik ozchiliklar va pushtunlar ortida faollashadi. Markaziy Osiyo davlatlari va Eron singari. Hammasi xuddi 1990-yillardagiga o‘xshaydi – tarix takrorlanmoqda. Faqat bu safar “Tolibon” ham hamma bilan gaplashishni o‘rganib olgan.
Muallif fikri tahririyat nuqtayi nazaridan farq qilishi mumkin.
Izoh (0)