Kiprda juda kuchli o‘rmon yong‘inlari sodir bo‘lmoqda, hukumat ularni mamlakat tarixidagi eng yirigi deb atamoqda — 50 kvadrat kilometrdan ortiq maydonni olov qamrab olgan, deb yozadi “RBK”. Kipr hukumati xalqaro hamjamiyatga yordam so‘rab murojaat qildi.
Kipr prezidenti Nikos Anastasiadas o‘t o‘chiruvchi samolyotlarini yuborishga va’da bergan Gretsiya va Isroilga minnatdorlik bildirdi, shuningdek, Italiya ham o‘z samolyotlarini jo‘natadi.
Yevrokomissiya Kiprga ko‘mak berish rejasini ishlab chiqayotganini, shu jumladan, o‘t o‘chiruvchi samolyotlarni yo‘naltirish imkoniyatini ko‘rib chiqayotganini ma’lum qildi.
O‘rmon yong‘inlari oqibatida to‘rt kishi halok bo‘ldi. Hukumat fikricha, yong‘inga kimdir o‘t qo‘yib yuborgani sabab bo‘lgan.
Shamol kuchayishi ortidan olov Kipr janubidagi Limasola hududida kengayib bormoqda. Bir nechta qishloqlarni evakuatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. O‘nlab uylarga zarar yetdi, qurbonlar haqida esa xabarlar kelib tushganicha yo‘q.
Bir haftadan buyon Kiprda 40 darajali jazirama davom etmoqda. Ekspertlar ogohlantirishicha, iqlim o‘zgarib borgani sari, harorat bo‘yicha rekordlar tobora ko‘proq qayd etila boshlaydi.
Ayni paytda o‘t o‘chiruvchilar olovning tog‘li tumanlarga va Maxares o‘rmoniga tarqalib ketishiga yo‘l qo‘ymaslikka urinmoqda.
Izoh (0)