Prezident Shavkat Mirziyoyev 30-iyun kuni Botanika bog‘ida o‘tkazilgan O‘zbekiston yoshlari va talabalari forumi doirasidagi nutqi davomida ayrim tiktokerlarning xatti-harakatlarini tanqid qildi, deya xabar bermoqda “Daryo” muxbiri.

Shavkat Mirziyoyev. 2021-yil, 30-iyun.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“Bugun sizlar bilan jamoatchilikni bezovta qilayotgan ayrim muammolar yechimi bo‘yicha ham, fikrlashib olishimiz zarur.

Yoshlar o‘rtasida jinoyatchilik, giyohvandlik, ichkilikbozlik, oilaviy ajralishlar, buzg‘unchi va radikal oqimlar ta’siriga tushish holatlari davom etayotgani, davlat rahbari sifatida shaxsan meni jiddiy tashvishga solmoqda. O‘tgan 5 oyda 7 mingdan ziyod yoshlar jinoyat sodir etgani, hozirgi vaqtda qariyb 40 ming nafar yoshlar profilaktik hisobda turgani ham xavotirimiz bejiz emasligini ko‘rsatmoqda.

Yaqinda ijtimoiy tarmoqlarda ko‘rsatilgan xunuk voqealar, ya’ni joylardagi Alisher Navoiy, Amir Temur, Motamsaro ona haykallari yonida ayrim tarbiyasiz yoshlar tomonidan sodir etilgan noma’qul harakatlar meni nihoyatda ranjitdi.

Bu bolalarning ota-onasi, bobo-momolari, o‘qituvchi va muallimlari, qolaversa mahalla-ko‘y, yoshlar bilan ishlaydigan mas’ul mutasaddilar qayerga qarayapti? Vatanimiz yoshlariga mutlaqo yarashmaydigan, barchamizga isnod keltiradigan bunday salbiy ko‘rinishlarga, jamiyatimizda mutlaqo o‘rin bo‘lmasligi zarur.

Kerak bo‘lsa, biz xalqimizning muqaddas qadriyatlari, timsollari va tabarruk qadamjolariga bepisand munosabatda bo‘ladigan kimsalarga nisbatan jazo choralarini yanada kuchaytiramiz. Bunday buzg‘unchi ishlarning oldini bugun olmasak, ertaga kech bo‘ladi”, — dedi prezident.

Shavkat Mirziyoyev bu borada uni bir narsa chuqur o‘ylantirishini ta’kidlarkan, yoshlar tarbiyasiga bevosita mas’ul va javobgar bo‘lgan tashkilotlar, ota-onalar, pedagogik jamoalar bu masala bo‘yicha tezkor va prinsipial munosabat bildirmayotganini savol ostiga oldi.

“Hozirgi g‘oyat murakkab davrning keskin talabi shundayki, har qanday imkoniyat va minbardan foydalanib, islohotlarimizga xalaqit berayotgan barcha muammo va kamchiliklarni birgalikda, ochiq va oshkora muhokama qilishimiz lozim. Chunki bu ishlarni o‘zimiz qilmasak, chetdan kelib hech kim biz uchun qilib bermaydi.

Shuning uchun Yoshlar ishlari agentligi direktorining birinchi o‘rinbosari, viloyat, tuman va shahar hokimlarining yoshlar masalalari bo‘yicha muovinlarining, oliygohlardagi tegishli prorektorlarning maqomi, vakolati va mas’uliyatini oshirish, ish uslublarini o‘zgartirish va mutlaqo takomillashtirish kerak.

Parlament palatalari ana shunday mutasaddi rahbarlar faoliyatining huquqiy asoslarini mustahkamlash va ularning hisobotlarini eshitib borish tartibini joriy etishi o‘rinli bo‘lardi”, — dedi Shavkat Mirziyoyev.