Toshkentdagi Central Park istirohat bog‘ida “Inklyuziv marafon-sayl” festivali tashkil etildi. Yoshlar ishlari agentligi, Milliy paralimpiya qo‘mitasi, Yoshlar ittifoqi hamda “Mehrli qo‘llar” imkoniyati cheklangan yoshlar va bolalar markazi tomonidan birinchi marta o‘tkazilgan festivalda 500 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxslar, 200 dan ortiq volontyorlar, 50 ga yaqin hamkor va homiy tashkilotlarning vakillari qatnashdi.

Foto: Bunyod Rustamov

Festival inklyuziv xayriya marafoni bilan boshlandi — unda 100 ga yaqin nogironligi bo‘lgan shaxs qatnashdi. Tadbir doirasida maxsus tashkil etilgan “Surdo”, “Brayl”, “Kasb-hunar”, “Ta’lim”, “Oksford”, “Inklyuziv”, “Fotozona”, “Paralimpiya”, “Inklyuziv to‘siq yo‘li” kabi hududlarda turli o‘yin va musobaqalar, amaliy mashg‘ulotlar va uchrashuvlar o‘tkazildi.

Foto: Bunyod Rustamov

24-iyun kuni ish boshlagan “Ishplus.uz” loyihasi mutaxassislari “Kasb-hunar” zonasida nogironligi bo‘lgan va ish izlayotgan yoshlarga zarur maslahatlar berdi. Hozircha faqat Toshkentdagi nogironligi bo‘lgan insonlar foydalanishi mumkin bo‘lgan loyiha muvofiqlashtiruvchisi Aziz Abdullayevning aytishicha, ilk uch kunda “Ishplus.uz”ga murojaat qilgan nogironligi bo‘lgan 150 kishining 50 dan ortig‘i o‘ziga ish topgan.

“Portalimizda o‘quv kurslari, vakansiyalar haqida ma’lumotlar bor. Saytdan ro‘yxatdan o‘tib, ish beruvchilar o‘zlaridagi mavjud bo‘sh o‘rinlari haqida ma’lumot qoldirishlari, ish izlovchilar esa vakansiyalar bilan tanishishlari mumkin”, — deydi Aziz Abdullayev. Loyiha 2022-yildan butun O‘zbekiston bo‘yicha ish olib borishi kutilmoqda.

Abdullayevning so‘zlariga ko‘ra, mazkur loyiha “Sharoit plus” nogironlar jamoat birlashmasi BMT Taraqqiyot dasturidan yutib olgan grant asosida ish boshlagan. O‘zbek tilida, to‘liq inklyuzivlashtirilgan holda faoliyat olib boruvchi saytdan “ko‘zi ojiz insonlar ham bemalol foydalana oladi”, deydi loyiha muvofiqlashtiruvchisi.

Foto: Bunyod Rustamov

Festivalning “Ta’lim” zonasida bir qator oliy ta’lim muassasalari, xususan, Toshkentdagi Xalqaro Vestminster universiteti (TXVU) tomonidan nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun ochiq eshiklar kuni tashkil etildi. Qayd etish joiz, ushbu universitet BMT Taraqqiyot dasturi tomonidan imkoniyati cheklangan, nogiroglini bo‘lgan shaxslar uchun O‘zbekistondagi eng qulay oliygohlardan biri deb e’tirof etilgan.

“Saylda qatnashayotgan yoshlarning ko‘pchiligi bizdan: ‘Universitetingizda o‘qisak, jismoniy jihatdan qiynalmaymizmi?’, deb so‘rayapti. Shuni alohida ta’kidlash lozimki, Vestminster universitetida nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun panduslar, maxsus liftlar tashkil qilingan. Qolaversa, universitet xodimlari ham har doim yordamga shay”, — dedi oliygoh vakili Abdulloh Abdug‘afforov.

Qayd etishlaricha, Vestminster universitetiga bakavlavriatga o‘qishga kirish bo‘yicha bu yilgi imtihonlarda nogironligi bor imkoniyati cheklangan shaxslar uchun ikkita maxsus grant o‘rni ajratilgan.

Foto: Bunyod Rustamov

Sayl doirasida parkning bir nuqtasida imkoniyati cheklangan yoshlar tasviriy va amaliy san’at bo‘yicha (miniatura, keramika, multiplikatsiya, somon san’ati kabilar) o‘zlari ishlagan asarlarni namoyish etgan bo‘lsa, boshqa zonalarda nogironligi bo‘lgan shaxslar o‘rtasida tennis, shaxmat-shashka, badminton, taekvondo bo‘yicha musobaqalar o‘tkazildi.

Festival doirasida o‘tkazilgan marafon va musobaqalarda g‘olib chiqqan barcha qatnashchilarga esdalik sovg‘alari topshirildi. Shuningdek, festival doirasida futbol bo‘yicha karlar o‘rtasidagi Osiyo chempionatida uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari ham alohida taqdirlandi.

Osiyo paralimpiya qo‘mitasi raisi Majid Rashid.

Foto: Bunyod Rustamov

“Inklyuziv marafon-sayl” mehmoni bo‘lgan Osiyo paralimpiya qo‘mitasi prezidenti Majid Rashid festival “kelajak uchun yaxshi qadam” ekanini ta’kidlab, O‘zbekiston bu borada “yaxshi namuna ko‘rsatayotgani”ni mamnuniyat bilan qayd etib o‘tdi.