O‘zbekiston Ekologiya qo‘mitasi va uning tizimidagi budjet tashkilotlari hamda hududiy “Toza hudud” DUKlari budjetdan ajratilgan va budjetdan tashqari jami 87,3 milliard so‘mlik mablag‘ni maqsadsiz sarflab yuborgan. Bu haqda Moliya vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Aniqlanishicha, Ekologiya qo‘mitasi va uning tizimidagi budjet tashkilotlarida xodimlarga ish haqi, mehnat ta’tili, moddiy yordam va mukofot pullarini hisoblashda xatoliklarga yo‘l qo‘yilishi oqibatida 9,4 milliard so‘mlik budjet va budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan.
Shuningdek, hududiy “Toza hudud” DUKlarda 77,9 milliard so‘mlik budjet va budjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari noqonuniy sarflab yuborilgan.
Qayd etilishicha, Andijon viloyati “Toza hudud” hisobchisi o‘ziga tegishli bank kartasiga 282,7 million so‘m mablag‘ni asossiz o‘tkazib, o‘zlashtirib yuborgan bo‘lsa, Qashqadaryo viloyati “Toza hudud”da xodimlarning oylik ish haqi miqdori asossiz ravishda yuqori qo‘llanilishi hisobiga ishchi-xodimlarga ish haqi va unga tenglashtirilgan to‘lovlardan 1 milliard 730,4 million so‘m ortiqcha to‘lab yuborilgan.
Hududiy “Toza hudud”larda maxsus transport vositalaridan maqsadli foydalanilishida va yoqilg‘i-moylash mahsulotlarini sarflash me’yorlariga amal qilinmaganligi natijasida 44,2 milliard so‘m miqdorida mablag‘lar asossiz ortiqcha sarflangan.
Hududiy “Toza hudud” DUKlar tomonidan “Davlat xaridlari to‘g‘risida”gi qonun talablariga rioya etilmasdan 11,3 milliard so‘mlik shartnomalar tuzilgan va xaridlar amalga oshirilgan.
Mazkur qonun talablariga zid ravishda Samarqand (7,1 milliard so‘m), Buxoro (794,7 million so‘m) va Namangan (372,4 million so‘m) viloyatlarida to‘g‘ridan to‘g‘ri tuzilgan shartnomalar asosida tovar-moddiy boyliklar xarid qilingan.
Bundan avval Buxoroda maktabni ta’mirlashda talon-torojlikka yo‘l qo‘ygan qurilish tashkiloti rahbari javobgarlikka tortilgani, O‘zbekistonda beshta vazirlik 61 milliard so‘mni talon-toroj qilishining oldi olingani hamda O‘zbekistonda 2 yil ichida 120 ming gektardan ortiq yer hokimlar tomonidan maqsadsiz berilgan yoki talon-toroj qilingani haqida xabar berilgandi.
Izoh (0)