SkyUp Airlines loukoster aviakompaniyasi O‘zbekistonga muntazam aviaqatnovlar uchun Ukraina davlat aviatsiya xizmatidan ruxsat oldi, deb xabar bermoqda Spot.

Foto: Wikiwand

Ma’lum qilinishicha, 10-iyun kun ushbu aviakompaniyaga haftasiga bir marta Kiyevdan Samarqand va Urganchga parvoz qilishga ruxsat berildi. Ushbu ruxsat 2021-yilning 12-iyunidan 2023-yilning 25-martigacha amal qiladi.

SkyUp ushbu yo‘nalishda parvoz qilishi uchun O‘zbekiston tomondan ham ruxsat olishi lozim. Agar bunga ruxsat berilsa, har ikki mamlakat o‘rtasidagi aviaqatnovlar 2015-yildan buyon ilk bor qayta tiklanadi.

Avvalroq SkyUp Toshkent va Kiyev o‘rtasida har chorshanba qatnayotgani haqida xabar berilgan edi. Lekin u muntazam emas, charter reys. Shunga qaramay, ushbu aviachiptalar erkin sotilmoqda.

O‘zbekiston va Ukraina o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri doimiy parvozlarni tiklash masalasi uzoq vaqtdan beri muhokama qilib kelinmoqda. Uzbekistan Airways Toshkent—Kiyev—Toshkent yo‘nalishida parvozlarni amalga oshirishni 2015-yilning may oyida to‘xtatgan, o‘sha yilning sentabr oyida esa Ukraina poytaxtidagi ofisini yopgan.

O‘shanda “Ukraina xalqaro avialiniyalari” (MAU) kompaniyasi ham mazkur yo‘nalishdagi parvozlarini to‘xtatgan — mojaro Ukraina aviakompaniyasining ehtimoliy ustunligidan kelib chiqqan, u Borispol aeroporti orqali amalga oshiriladigan tranzit yordamida yo‘lovchi oqimining bir qismini olib qo‘ygan.

O‘zbekiston Ukraina kompaniyasidan parvozlar chastotasini haftasiga ikkitadan bittaga kamaytirishni talab qilgan, buning oqibatida “Ukraina xalqaro avialiniyalari”ning tranzit modeli samarali ishlashdan to‘xtashi mumkin edi. “Ukraina xalqaro avialiniyalari” parvozlar chastotasini kamaytirishga rozi bo‘lmagan, buning oqibatida ikki mamlakat o‘rtasidagi to‘g‘ridan to‘g‘ri aviaqatnovlar to‘xtatilgan.

Har ikki davlat to‘g‘ridan to‘g‘ri parvozlarni 2021-yil may oyida tiklashi haqida transport vaziri, Uzbekistan Airways raisi Ilhom Mahkamov 28-aprel kuni bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma’lum qilgandi.