O‘zbekiston bilan Qozog‘iston aviatsiya ma’muriyatlarining 2021-yil may oyidagi kelishuviga muvofiq ikki davlat o‘rtasida yangi muntazam aviaqatnovlar tashkil etilmoqda. Bu haqda Transport vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.
Ikki mamlakat o‘rtasida yangi muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi, jumladan:
- Samarqand—Olmaota—Samarqand yo‘nalishida Uzbekistan Airways va Air Astana aviakompaniyalarining har biri tomonidan haftasiga 2 marotabadan qatnov amalga oshiriladi;
- Turkiston—Toshkent—Turkiston yo‘nalishida Air Astana aviakompaniyasi tarkibiga kiruvchi Fly Arystan aviakompaniyasi tomonidan haftasiga 2 marotaba qatnov bajariladi.
Shuningdek, Uzbekistan Airways va SCAT Airlines aviakompaniyalarining har biri tomonidan Urganch—Aqtau–Urganch (haftasiga 2-marta) yo‘nalishida hamda SCAT Airlines aviakompaniyasi tomonidan Aqtau—Nukus—Aqtau (haftasiga 1-marta) yo‘nalishida muntazam aviaqatnovlar amalga oshirilmoqda.
Avvalroq Toshkent va Kiyev o‘rtasida to‘g‘ridan to‘g‘ri reys yana yo‘lga qo‘yilishi, Air Astana aviakompaniyasi Samarqand va Olmaota o‘rtasida muntazam parvozlarni amalga oshirishi to‘g‘risida xabar berilgandi.