Ijtimoiy tarmoqlarda yo‘lovchi tashish vagonlariga konditsionerlar o‘rnatish masalasi ko‘p muhokama qilinmoqda. Shuni inobatga olib, yo‘lovchi poyezdlaridagi kamchiliklarni bartaraf etish bo‘yicha komissiya tuzildi. Bu haqda “O‘zbekiston temir yo‘llari” matbuot xizmati xabar qildi.

Qayd etilishicha, 10-iyun kuni “O‘zbekiston temir yo‘llari” AJ boshqaruv raisi vazifasini bajaruvchi X.N. Xasilov boshchiligida ishchi komissiya “Toshkent yo‘lovchi vagonlarini qurish va ta’mirlash zavodi” AJga tashrif buyurdi.

Tashrif davomida mavjud muammolarni hal qilish uchun quyidagi choralar ko‘rildi:

Birinchidan, poyezd o‘z manziliga ketishidan oldin 40 daqiqalik vaqt oralig‘ida manyovrlar (lokomotivni yo‘lovchi vagonlaridan uzib qo‘yish) o‘tkazishga qaror qilindi, bu esa o‘z navbatida yo‘lovchi vagonlarining elektrsiz turish vaqtini kamaytiradi, chunki konditsioner tizimi lokomotivsiz ishlay olmaydi.

Ikkinchidan, “O‘ztemiryo‘lyo‘lovchi” AJ bosh direktori va uning o‘rinbosarlariga yo‘lovchi poyezdlarida tekshiruv safarlarini o‘tkazish va vagonlarda konditsioner tizimi ishlashini shaxsan tekshirish topshirildi.

Uchinchidan, yo‘nalishlarda yo‘lovchilarga o‘z vaqtida birinchi tibbiy yordam ko‘rsatish maqsadida har bir yo‘lovchi vagonlari tarkibiga tibbiyot xodimlarini biriktirish vazifasi qo‘yildi. Ta’kidlanishicha, poyezdlarda tibbiyot xodimlari bilan bunday amaliyot boshqa mamlakatlarda qo‘llanilmaydi.

Vagonlarni rekonstruksiya qilish, shuningdek, ularni modernizatsiya qilish belgilangan tartibda va tasdiqlangan jadvallarga muvofiq amalga oshiriladi.

Bundan tashqari, qayd etilishicha, ikki kun davomida (2021-yilning 5–6-iyun kunlari) ishonch telefoniga 3000 mingdan ortiq qo‘ng‘iroq kelib tushgan. Shulardan faqat 2 ta qo‘ng‘iroq poyezdning konditsioner tizimidagi muammolar bilan bog‘liq bo‘lib, 5 ta qo‘ng‘iroq qo‘ng‘iroq qiluvchilar tomonidan ishonch telefoni operatori javob berguniga qadar rad etilgan.