Qashqadaryo viloyati Chiroqchi tumanida “Afrosiyob” poyezd yo‘li aholi tomonidan to‘sib qo‘yildi. Holat yuzasidan “O‘zbekiston temir yo‘llari” ma’lumot berdi.

Ma’lum qilinishicha, 7-iyun kuni ertalab soat 09:00 dan 10:20 larga qadar “Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli” unitar korxonasiga qarashli Ayratom temiryo‘l bekati hududida Chiroqchi tuman Ayratom qishlog‘i fuqarolari temiryo‘l ustiga yig‘ilganligi aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqaldi.

Aholining temiryo‘l bekatiga yig‘ilishining asosiy sababi qishloq ahli tuman hokimi Xurram Jo‘rayevdan qishloqda elektr energiyasi ta’minoti qoniqarsiz bo‘lganligi uchun qishloqni elektr energiyasi bilan ta’minlash, ya’ni qishloqqa keladigan elektr energiyasini boshqa kuchliroq transformatorga ulashni so‘ragan. 7-iyun kuni soat 9:00 larda tuman hokimining qishloqqa tashrifi kutilgan.

Tuman hokimi belgilangan vaqtda Ayratom qishlog‘iga elektr energiyasi masalasini hal qilish uchun kelmaganligi sababli aholi temiryo‘l atrofiga yig‘ilgan.

Toshkent–Qarshi yo‘nalishi bo‘yicha harakatlanuvchi “Afrosiyob” tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketishi belgilangan.

Poyezd kelishidan, taxminan, 28 daqiqa oldin Chiroqchi tuman hokimi Xurram Jo‘rayev o‘zi kelib, temiryo‘l atrofida yig‘ilgan qishloq aholisini Ayratom qishlog‘i mahalla fuqarolar yig‘iniga olib ketadi va ularning muammolari o‘rganib, tushuntirish ishlari olib boriladi.

“Afrosiyob” tezyurar poyezdi grafik bo‘yicha ushbu bekatdan soat 10:48 da o‘tib ketgan. Poyezd to‘xtamagan va hech qanday zarar yoki talafot bo‘lmagan.

Bundan avval Nukusda bir guruh ayollar yo‘lni to‘sib qo‘ygani hamda Sirdaryoda ish haqidan norozi klaster ishchilari velosipedlarda avtomobil yo‘lini to‘sib qo‘ygani haqida xabar berilgandi.