Janubiy Koreyada oshqozoni operatsiya qilingan O‘zbekiston fuqarosiga moliyaviy yordam ko‘rsatildi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Qayd etilishicha, surxondaryolik U.M. Janubiy Koreyaga E-9 vizasi bilan vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun boradi.

O‘zbekiston fuqarosi Kongju shahridagi NC One Co.Ltd korxonasida ishlayotgan vaqtda salomatligi yomonlashib, shifoxonaga yotqiziladi. U yerda U.M.ning oshqozoni operatsiya qilinadi.

Murakkab jarrohlik operatsiyasidan so‘ng moliyaviy qiyin ahvolda qolgan fuqaroga jamg‘arma hisobidan 1 500 000 von (taxminan, 1350 AQSh dollari) miqdorida shifoxona xarajatlari uchun agentlikning Kvangju shahridagi vakolatxonasi tomonidan moliyaviy yordam ko‘rsatildi.

Bundan avval ham Rossiyada majburiy mehnatdan qochib, ikki oyog‘idan ajralgan O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatilgani, Rossiyada murakkab vaziyatda qolgan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosiga yordam ko‘rsatilgani hamda Turkiya va Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 7 nafar o‘zbekistonlik aviareys bilan vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.