Rossiyaning Moskva va Sankt-Peterburg shaharlarida og‘ir ahvolda qolgan 7 nafar O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytariladi, deya xabar bermoqda Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Ma’lum qilinishicha, Samarqandlik L.K. va xorazmlik J.A. uch nafar voyaga yetmagan farzandlari bilan ishsiz, shaxsini tasdiqlovchi hujjatlarsiz moliyaviy qiyin ahvolda qolgan.

Bundan tashqari, andijonlik X.A. ishlash maqsadida 2021-yilning may oyida Rossiyaga borgan. Biroq salomatligi yomonlashgani sababli ishlay olmagan.

Foto: Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi

Shuningdek, samarqandlik A.A. Moskva shahrida baxtsiz hodisa tufayli avtohalokatga uchragan. Ushbu fuqaroga Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi tomonidan davolanishga yordam berilib, vaqtinchalik yashash uchun xostelga joylashtirilgan.

Mazkur fuqarolarga O‘zbekistonning Rossiyadagi konsullik idoralari tomonidan “Vatanga qaytish guvohnomasi” rasmiylashtirib berildi. 31-may kuni Xalqaro migratsiya tashkiloti bilan hamkorlikda Moskva—Toshkent, Sankt-Peterburg—Toshkent aviareyslari orqali O‘zbekistonga qaytarildi.

Ularni Toshkent xalqaro aeroportida Tashqi mehnat migratsiyasi agentligi va Xalqaro migratsiya tashkiloti xodimlari kutib olib, o‘z manziliga kuzatib qo‘ydi.

Bundan avval Rossiyaga ketib, 18 yil bedarak yo‘qolgan O‘zbekiston fuqarosi vatanga qaytarilgani, Rossiyada baxtsiz hodisaga uchragan o‘zbekistonlik ona va bolaga yordam ko‘rsatilgani hamda Turkiya va Rossiyada qiyin ahvolda qolgan 7 nafar o‘zbekistonlik aviareys bilan vatanga qaytarilgani haqida xabar berilgandi.