Toshkentda 3—7-iyun kunlari kuzatilgan issiq ob-havo yangi rekordlarni o‘rnatdi, deb xabar bermoqda “O‘zgidromet”.

Foto: “Daryo” / Madina Nurman

“O‘zgidromet” 3—7-iyun kunlari O‘zbekistonga Eron hududlaridan issiq havo massalari kirib kelishi, havo haroratining keskin ko‘tarilib ketishi va o‘rtacha sutkalik havo haroratining shu kunlar uchun xos bo‘lgani iqlimiy me’yor qiymatlaridan 7-10 daraja yuqorilashi to‘g‘risida ma’lum qilgandi.

Qayd etilishicha, shu kunlari kuzatilgan harorat uch asr avvalgi rekorddan yuqori bo‘ldi.

Xususan, 2021-yil 6-iyun kuni harorat 42,6 daraja issiq bo‘ldi. Bunga qadar shu kundagi yuqori harorat 1811-yilda qayd etilgan va 38,5 daraja issiq bo‘lgan. 7-iyun kuni esa harorat 40,8 darajagacha ko‘tarildi. Unga qadar shu kundagi maksimal ko‘rsatkich 1894-yilda kuzatilgan va 39,7 daraja issiq bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda 31-maydagi harorat ham mutlaq maksimumga yetgandi.