O‘zbekiston hududlarida 6-iyunda kunning ikkinchi yarmida ob-havo keskin o‘zgarib, joylarda kuchli shamol, qum bo‘ronlari qayd etildi. YHXBB matbuot xizmati barcha haydovchilardan yo‘llarda ehtiyotkor bo‘lishni, transport vositalarini daraxt yoki kuchli shamolga chidamsiz joylarda qoldirmaslikni so‘ramoqda.
Ijtimoiy tarmoqlarda ushbu kuchli shamol aks etgan videolar ham tarqaldi. Videolarning birida Toshkent—Chorvoq trassasida ko‘ruvchanlik pasaygani, Toshkent shahrida ham kuchli shamol boshlangani aytilgan.
Telegram’dagi “Gidrometeorologik ilmiy tahlillar, ob-havo bashoratlari, tadqiqotlar” kanalining yozishicha, soat 18:14 dan Toshkent viloyati Bo‘stonliq va Yuqori Chirchiq tumanlari atmosferasida beqarorlik yuzaga kelib, konvektiv bulutlar rivojlandi.
Bo‘stonliq tumani ayrim tog‘li hududlarida hatto jala yog‘in bilan birgalikda do‘l yog‘ayotganligi aytilmoqda.
Tarmoqda tarqalgan yana bir videoda G‘azalkentda kuzatilgan kuchli shamol oqibatida uylarning tomi uchib ketgani aytilgan.
Toshkent viloyatida “Piramida” dam olish maskanida yuz berayotgan kuchli shamoldan tomlar uchib ketmoqda.
Eslatib o‘tamiz, 26-may kuni Andijon shahri ko‘chalarida kuchli shamol va chang bo‘ronlari kuzatilgandi. Toshkent shahrida 29-may kuni soat 21:00 atrofida boshlanib, taxminan, bir soatdan ortiq davom etgan kuchli shamol chang bo‘ronlarini keltirib chiqargandi. Shu kuni chang bo‘roni sabab Buxorodan kelayotgan charter reys Toshkentga qo‘nolmagandi.
Mavzuga doir: Toshkent markazida kuchli shamol oqibatida Malibu ustiga daraxt quladi. Haydovchi qiz jarohat olgani aytilmoqda
“O‘zgidromet” so‘nggi vaqtlarda O‘zbekistonda ko‘p kuzatilayotgan qum va chang bo‘ronlari paydo bo‘lishiga O‘zbekistonda va Toshkent shahrida jadal sur’atlar bilan olib borilayotgan qurilishlarni sabablardan biri sifatida ko‘rsatdi.