Daryo

Qirg‘iziston harbiy vertolyoti Tojikiston chegarasi yaqiniga favqulodda qo‘ndi

Qayd etilishicha, bortda 15 kishi bo‘lgan, to‘rt kishi jabrlangan

1 daqiqa o‘qish92 118 ko‘rishlar0 izoh0
Foto: Sputnik

Qirg‘iziston harbiy vertolyoti Tojikiston chegarasiga yaqin Olay tumani hududiga favqulodda qo‘ndi. Bu haqda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasiga asoslanib, “RBK” xabar berdi.

Foto: Sputnik
Qayd etilishicha, bortda 15 kishi bo‘lgan, to‘rt kishi jabrlangan. Vertolyot avvalroq vaziyat  yomonlashgani xabar qilingan Chon-Olay mintaqasiga qarab ketayotgan edi.

 24.kg axborot agentligi Qirg‘iziston Mudofaa vazirligiga tayanib, vertolyot favqulodda qo‘ngani, oqibatda uch kishi jarohat olgani haqida xabar berdi. Nashr manbasining ta’kidlashicha, vertolyot butunlay yonib ketgan.

“Jabrlanganlarning biri harbiy uchuvchi. U kuyish va jarohatlar olgan. Ma’lumotlarga qaraganda, bortda Milliy xavfsizlik davlat qo‘mitasi xodimlari bo‘lgan. Ba’zi xabarlarga ko‘ra, ular orasida ham jabrlanganlar bor”, — deyiladi nashrda.

Bundan avval Qirg‘iziston Tojikiston bilan chegarada vaziyat keskinlashganini xabar qilgandi.

Xabarga ko‘ra, chegaraning Tojikiston tomonida avtomobillar va yengil zirhli transport vositalarida harbiy xizmatchilarning shaxsiy tarkibi to‘plangan. Tojikiston vakillari tunda O‘sh viloyati Chon-Olay tumani Unju-Buloq hududidagi tavsiflanmagan joyda konteyner o‘rnatishni boshlagan hamda Qirg‘iziston hududiga ming metrgacha kirib kelgan.

Ta’kidlanishicha, Qirg‘iziston vaziyatni tomonlarning chegara vakillari darajasida hal qilish bo‘yicha choralarni ko‘rmoqda. Biroq Tojikiston chegara xizmati vakillari telefon qo‘ng‘iroqlariga javob bermayapti.

Eslatib o‘tamiz, aprel oyi oxirida Qirg‘iziston va Tojikistonning chegaraoldi viloyatlari aholisi o‘rtasidagi ziddiyat ikki mamlakat harbiylarining qurolli to‘qnashuviga aylanib ketgandi. Qirg‘iz-tojik chegarasidagi nizolarda Qirg‘izistonning 36 fuqarosi halok bo‘ldi, 200 ga yaqin kishi jarohat oldi. Tojikiston esa 19 kishi halok bo‘lgani, 87 kishi jabrlangani haqida xabar berdi. Mojaroda 300 dan ortiq uylar va infratuzilma obyektlari vayron qilingan, ayrimlari yonib ketgan. 29-aprel oqshomida tomonlar nizoni to‘xtatish va chegaradan harbiy kuchlarni olib ketish to‘g‘risida kelishib oldi, ammo ertasi kuni yana otishma boshlandi. 30-aprel kuni tushdan keyin navbatdagi sulhga erishildi. 3-may kuni Qirg‘iziston va Tojikiston o‘z harbiy kuchlarini chegara chizig‘idan olib chiqishni yakunladi.

Telegram kanal@daryo_worldObuna bo‘lish

Siz qanday fikrdasiz?

Avval fikringizni yozing. Yuborishda hisobingizni tasdiqlaysiz.

O‘xshash yangiliklar