Hayot istalgan vaqtda eng muhim rejalardan voz kechishga majbur qilishi mumkin. Hattoki yashab turgan minglab kunlarimizning bir lahzasi ham hayotni tubdan o‘zgartirib yuborish imkoniyatiga ega. Qahramonimiz Ruben de la Redning hikoyasi ham shunga o‘xshash.

Foto: Getty Images

Biz hikoyamizni de la Redga va butun futbol olamiga yana bir yuqori darajadagi futbolchining faoliyati boshlanayotganini bildiruvchi ishora berilgan lahzadan boshlaymiz.

Yevro—2008 musobaqasi doirasidagi guruh bosqichining so‘nggi turida Ispaniyaning Gretsiyaga qarshi o‘yini bo‘lmoqda. Daniel Guisning bosh bilan to‘p uzatishi va Ruben de la Redning pastki burchakni nishonga olishi. Bu yarim himoyachining terma jamoa safidagi debyut goli edi. O‘sha lahza ideal yilning kulminatsiyasi bo‘ldi. 23 yoshli futbolchi Mikael Laudrupning kamtargina “Xetafe” jamoasini UEFA Kubogi chorak finaliga chiqishiga, Ispaniya Kubogida esa “Valensiya”ga qarshi final o‘yinida ishtirok etishiga yordam bergan. Mavsum so‘ngida Ispaniya terma jamoasi bosh murabbiyi Luis Aragones uni terma jamoaga chaqirdi. Yevro—2008 doirasida de la Redning terma jamoadagi raqobatchilari: Xavi, Andres Inyesta, David Silva, Xabi Alonso, Markos Senna, Sesk Fabregas va Santi Kasorla kabi futbolchilar edi. Undan tashqari de la Red Yevrodan so‘ng orzusidagi jamoa — “Real Madrid”ga o‘tgandi. Orada turmush o‘rtog‘i unga farzand kutayotgani haqidagi xabarni yetkazadi, bu vaqtda dunyoda go‘yo Rubendan baxtliroq odam yo‘q edi. Eng quvonchli lahzalarning barchasi bir yilda sodir bo‘ldi.

Foto: Getty Images

2008-yilgi Yevropa chempionatida Ispaniya safidagi birinchi goli (va terma jamoa bilan erishgan sovrini) eyforiyasi unga o‘z ta’sirini o‘tkazmay qolmadi. De la Red Ispaniya Superkubogida “Valensiya” darvozasiga 35 metr masofadan gol urdi. U “Bernabeu”ga qaytayotganini e’lon qildi.

De la Red qanday muhim ishlarni amalga oshirgan? Oradan 12 yil o‘tgan bo‘lsa-da, uning faoliyati yakunlanganini qabul qilish shu qadar og‘ir kechayotganiga sabab nima? Yarim himoyachining qaysidir jihatini alohida ta’kidlash mushkul. Uning maydonda to‘p bilan harakatlanishi Fernando Redondoni yodga solardi. Hozirda faoliyatini davom ettirayotgan Dani Parexoni uning prototipi deyish mumkin.

De la Red markaziy yarim himoyaning istalgan nuqtasida: tayanch, sakkizlik yoki o‘nlikda harakat qila olardi. “Xetafe”da uni asosan tayanchga (ba’zan o‘zini, ba’zan sherik bilan) qo‘yishardi, lekin u oldinroqqa o‘tib, o‘z iste’dodini namoyish etishi uchun erkin harakat qilishiga ruxsat bor edi.

Muxlislar de la Red (yoki uning Madriddagi sherigi Esteban Granero)ning o‘yinini tomosha qilish uchun stadionga tashrif buyurardi (yoki televizordan tomosha qilardi). De la Red maydonda bo‘lsa, muxlislar doim xursand edi.

“Xetafe”ning o‘sha vaqtlardagi ustozi Mikael Laudrup de la Redga juda ko‘p vazifani ishonib topshirardi. Futbolchi to‘pni olib qo‘yishi va hujumni shakllantirishi lozim edi. Penaltilar, jarima zarbalari uning zimmasida edi, vaqti-vaqti bilan jarima maydoni tashqaridan zarba ham berib turardi. 2007/08-yilgi mavsumda u 9 ta gol va 4 ta golli uzatmani amalga oshirdi. Yarim himoyachi uchun ajoyib ko‘rsatkich.

O‘sha mavsum “Xetafe” uchun omadli keldi. Laudrup Rubenga  jamoa hujumlarini tashkillashtirish uchun asosiy futbolchi maqomini berdi.

Kamtargina bo‘lgan “Xetafe” Madrid akademiyasi tarbiyalanuvchisi bilan birgalikda butun dunyoni hayratga soldi. “Xetafe”ning UEFA Kubogidagi ishtirokini so‘z bilan ta’riflab bo‘lmaydi. Ular guruh bosqichida “Tottenhem”ni mag‘lub etdi. O‘sha bahsda de la Red o‘z hisobiga gol yozdirib qo‘ydi. Keyin esa jamoa “Benfika” klubi bilan bahs olib bordi. “Benfika”da o‘sha vaqtlar Anhel di Mariya va Rui Koshta kabi futbolchilar to‘p surardi. “Xetafe” ikkala o‘yinda ham g‘alaba qozondi va de la Red gol va golli uzatma muallifiga aylandi.

Chorak finalda Myunxenning “Bavariya”si ularga raqib bo‘ldi. “Alyans Arena” stadionida 1:1 hisobida durang natija qayd etildi. Myunxenliklar tarkibida Frank Riberi, Filip Lam, Bastian Shvaynshtayger, Lusio kabi mashhur futbolchilar bor edi. Javob uchrashuvi esa juda qiyin kechdi. 6-daqiqadayoq de la Red maydondan chetlatildi. Shunday bo‘lishiga qaramasdan “Xetafe” gol urib oldi. “Bavariya” mag‘lubiyatga yaqin edi, ammo 90-daqiqada Riberi gol urib, jamoasini qo‘shimcha daqiqalarga yetakladi. Qo‘shimcha 30 daqiqada “Xetafe” 3:1 hisobida oldinda borayotgandi, ammo Luka Toni ikkita gol urdi va hisob 3:3 ko‘rinishiga keldi. Mehmonda urilgan gol evaziga “Bavariya” keyingi bosqichga chiqdi. Shu bilan “Xetafe” musobaqadagi ishtirokiga yakun yasadi.

Foto: Getty Images

La Ligada “Barselona” va “Real” ustidan tarixiy g‘alabalar qayd etildi. Ichki chempionatdagi yutuqlar Ispaniya Kubogida ko‘zga tashlandi. Jamoa finalda Ronald Kumanning “Valensiya”siga qarshi maydonga tushadigan bo‘ldi. Afsuski, finalda omad ulardan yuz o‘girdi. “Valensiya” tarkibida David Vilya, David Silva, Xuan Mata, David Albert va Raul Albiol kabi futbolchilar bor edi.

Foto: Getty Images

Uning Madridga qaytishi qisqa vaqt bo‘lsa ham yodda qolarli bo‘ldi. Yuragi kasal bo‘lishidan oldin 11 ta o‘yinda maydonga tushdi. Oxirgi 5 o‘yinda muntazam asosiy tarkibda maydonga tushayotgandi. Shu vaqt ichida 2 ta gol va 2 ta golli uzatmani amalga oshirishga ulgurdi. Yozda esa uning ketishi bilan bog‘liq xabarlar ko‘paygandi. Unga Arsen Venger va uning “Arsenal”i qiziqish bildirayotgan edi. Lekin de la Red o‘z orzularini ro‘yobga chiqarish uchun jamoada qolishni ma’qul ko‘rdi.

“Men Angliya va Ispaniyadan takliflar oldim. Lekin judayam xotirjamman” – deydi De la Red mavsumoldi matbuot anjumanida. “Bugun men “Real”dan ketishimga sabab bo‘ladigan imkoniyatlardan voz kechyapman”.

U faqat muvaffaqiyatga erishishni istardi. Uesli Sneyder va Guti singari futbolchilar jarohat olganda, de la Red Shusterning ishonchiga kirish uchun harakat qildi. Ruben yarim himoyada yetishmayotgan stabillikni qaytarib bergandek bo‘ldi. Uning o‘ziga bo‘lgan ishonchi o‘yindan o‘yinga oshib borardi.

“Xetafe”dagi tarixiy mavsumi, terma jamoadan chaqiruv va undagi debyut gol, Yevro—2008 dagi g‘alaba, “Real Madrid”ga qaytish – barchasi uning orzulari edi. Nihoyat madridliklar ishonishi mumkin bo‘lgan yana bir iste’dod yetishib chiqqandi. Raul, Guti va Kasilyas izidan boradigan yana bir kanterano.

Yevrodagi golidan 3 oy o‘tib hammasi tugadi. U faoliyatiga yakun yasadi.

2008-yil 30-oktabrda Ruben de la Red Qirol Kubogida “Real Yunion”ga qarshi bahsda hushini yo‘qotdi. Futbolchilarning yuzida qo‘rquv alomatlari aks etardi.

Kiyim almashtirish xonasida o‘ziga kelgan de la Red hayotini tubdan o‘zgartirib yuboradigan voqeani boshidan kechirganini bilmasdi. Mana shu vaziyat uning maydondagi oxirgi harakati bo‘lib qoldi. Keyingi 2 yil davomida Ruben juda ko‘p mutaxassislar huzuriga qatnadi. Unga yurak kasalligi tashxisi qo‘yilgandi. Lekin shifokorlar uning qanday kelib chiqqani-yu, qanday yechim topish kerakligini aniq ayta olmadi. Yurak xurujidan 2 yil o‘tib, 25 yoshida Ruben de la Red futboldan ketishini e’lon qildi.

Agar u faoliyatini davom ettirganida katta ehtimol bilan muvaffaqiyat zinasidan tepaga chiqib borardi. 2009-yilda “Liverpul”dan olib kelingan Xabi Alonso bilan juftlikda “Real” markazida to‘p surardi, JARda o‘tkazilgan mundialda Iker va Ramos bilan birgalikda oltin medallarni qo‘lga kiritardi, 2012-yilda esa yana bir bor Yevro bosh sovrinini qo‘lga kiritardi. Hozirda 35 yoshda bo‘lgan de la Red so‘nggi 10 yillikda “Real” va Ispaniya terma jamoasi safida juda ko‘p sovrinlarga ega chiqishi mumkin edi. Ammo hayot uni oyog‘idan chaldi. 2010-yilda hissiyotlarga boy xayrlashuv anjumanida qatnashdi.

“Yuragim bilan bog‘liq muammolarim tufayli faoliyatimni tugatishga majbur bo‘ldim. Lekin yuragim hamon “Real Madrid” uchun urib turadi”deb aytib o‘tdi Ruben. “Xuddi mendagiga o‘xshash muammoga duch kelgan va aziyat chekkan sportchilarni qo‘llab-quvvatlashga tayyorman. Men ularga faqat oldinga qarashni maslahat beraman. Men ham xuddi shunday qilyapman”.

Ruben hozirda Ispaniya televideniyesining La Liga TV kanalida sharhlovchi va Gol TV’da direktor lavozimida faoliyat olib boradi.

Ruben de la Red tarixi – futbol ishqibozlari va umuman insoniyat uchun saboq. Hozirgi lahza bilan yashashga harakat qiling.